“Istiqlol” san’at saroyining direktori Isroil G‘ulomov jurnalist Feruz Muhammadga intervyu berdi. Isroil G‘ulomov suhbat davomida saroyning ijara haqi, xonandalarga konsert kunlarini olish tartibi haqida gapirdi.

Foto: “Daryo”

—Bir yil mobaynida “Istiqlol” san’at saroyida nechta konsert dasturi bo‘lib o‘tadi va san’at saroyi nechta tomoshabinga mo‘ljallangan?

—Bir yilda  200 dan ortiq konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. 3932 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan.

—“Istiqlol” san’at saroyining kunlik ijara haqi necha so‘mni tashkil qiladi?

—12 million 500 ming so‘mni tashkil qiladi.

—Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda ijara haqidan tashqari yana qo‘shimcha to‘lovlar ham bo‘lar ekan. Masalan, konsert tashkilotchilaridan chiroq, ovoz texnikasi uchun to‘lovlar undirilar ekan, bundan tashqari sahna dekoratsiyalari uchun to‘lovlar qilinadi, agar shu kabilarga to‘lovlar undirilayotgan bo‘lsa, 12 million 500 ming so‘m pul nima uchun olinadi ?

—12 million 500 ming so‘m kommunal to‘lovlar uchun olinadigan to‘lov hisoblanadi. Zalga qo‘yiladigan chiroq hamda ovoz uchun alohida pul to‘lanadi. Sahnada qanday dekoratsiya o‘rnatish o‘rnatmasligi bu konsert tashkilotchilarining xohishi, biz unga javob bermaymiz. Lekin ular foydalanayotgan buyumlar standart talablariga javob beradigan bo‘lishi kerak.

—Qanday standart talablarga javob berishi kerak?

—Misol uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari, ichki ishlar xodimlarining talabiga javob berishi kerak. Bundan tashqari chiroq uchun olib keladigan elektr simlari ham bizning jihozlarning qarshiliklariga to‘g‘ri kelishi kerak.

—12 million 500 ming so‘m pul “Istiqlol” san’at saroyining bir kunlik ijara haqini yoki shu to‘lov bilan 10 kun konsert bersa ham bo‘ladimi?

—12 million 500 million so‘m bir kunlik ijara haqi hisoblanadi, konsert egasi xohlasa bir kunda ikki marta, uch marta konsert bersa ham xuddi shu summani to‘laydi.

Demak Ozodbek Nazarbekov yigirma kunlab, Yulduz Usmonova 15 kun mobaynida konsert berganida, har kuniga 12 million 500 ming so‘mdan ijara haqi to‘lagan ekanda, shundaymi?

—Albatta, hammasi bir xil to‘lovni amalga oshiradi, qonun, tartib hammaga bir xil.

—Konsert kunlarini xonandalarga yoki tashkilotchilarga taqdim qilish qanday amalga oshiriladi, xonandaning obro‘-e’tiboriga, reytingiga qaraladimi. Yaqinda Ozodbek Nazarbekov intervyularidan birida “Yulduz Usmonovaga o‘zimning konsert kunlarimda konsert berishlarini taklif qildim”, degandi. Demak, reytinggi baland  xonandalarning o‘zi ham o‘zaro bu masalani hal qilishar ekanda, degan fikr tug‘ilib qoldi?

—Ozodbek Nazarbekov bir yil oldin konsert berish haqida xat bilan murojaat qilgan edi. Konsertiga 3 oylarcha qolganida konsert bermaslikka qaror qildi va uning nomiga band qilingan kunlar Yulduz Usmonovaga o‘tdi.

—Odatda konsert dasturini taqdim qilmoqchi bo‘lgan xonandalar san’at saroyiga qancha vaqt oldin murojaat qilishlari kerak?

—3 oy oldin. Qancha oldin harakatni boshlashsa shuncha yaxshi. Konsert dasturiga 2 oy qolganida xonanda konsert bera olmaydigan bo‘lib qolsa, uning kunlariga boshqa odam konsert berishga ulgurishini ham o‘ylab harakat qilamiz. Shu sababli xonandalardan hujjatlarini oldinroq olib kelishlarini so‘raymiz. Xonanda qancha vaqt oldin harakatni boshlasa, shuncha ko‘proq konsertga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin.

—Xonandaning betobligi, tashkilotchilar bilan bog‘liq muammolar yoki boshqa sabablarga ko‘ra qoldirilgan konsertlar ko‘p bo‘lganmi?

—Qoldirilgan bo‘lsa bir yil ichida 2—3 ta konsert dasturlari qoldirildi, ular ham taniqli xonandalar emas edi.

Misol uchun Yulduz Usmonova, Zulayxo Boyxonova, Shahzoda, Dildora Niyozova kabi xonandalarning konsert tashkilotchilari bir xil vaqtda, deylik 8-mart kuni,  birvarakayiga konsert taqdim qilish uchun hujjatlarini olib kelishdi. Ularning qay birlari o‘sha kunda konsertlarini taqdim qilishadi ?

—Bunday holatlar bo‘lmaydi. Sizga ish rejamni, konsert berilishi kerak bo‘lgan kunlarni ko‘rsatadigan bo‘lsam, 2018-yilning 15-may kunigacha konsert tashkilotchilari tomonidan barcha kunlar band qilib bo‘lingan. Bir yil, bir yarim yil oldin konsert kunlarini band qilib, tayyorgarlik boshlashmoqda. Reytinggi pastroq xonanda belgilab qo‘ygan kunlarni, reytinggi baland xonanda kelganda ham unga bera olmaymiz.

—“Mavsum”, “konsert berish vaqti” degan tushunchalar bor, ya’ni oktabr oyidan toki may oyining so‘ngiga qadar bo‘lib o‘tgan konsertlarga talabalar kelishi hisobidan yoki boshqa bir sabablarga ko‘ra zal to‘la bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, konsert kunlari berishda xonandaning reytinggiga qaraladimi ?

—Men uchun  hamma san’atkor teng. Agar san’atkor o‘zi kuchli bo‘lsa, zo‘r bo‘lsa, o‘zining muxlisi bo‘lsa qaysi vaqtda konsert bersa ham uning  ishqibozi  konsertiga keladi. Masalan, Yulduz Usmonova chillaning o‘rtasida konsert qilsa ham muxlislar uning konsertiga keladi. Bundan tashqari Ozodbek Nazarbekov, Shahzoda, Ulug‘bek Rahmatullayev, Rayhon kabi san’atkorlar ham yilning qaysi vaqtida bo‘lsa-da muxlislarni konsert zaliga olib kela olishadi.

—Agar Ozodbek Nazarbekov 2017-yilda konsert dasturini taqdim qilganida Yulduz Usmonova qaysi paytda konsert bergan bo‘lardi?

—Agar Ozodbek Nazarbekov konsert dasturini taqdim qilganida, Yulduz Usmonovaning konsert dasturi yoz fasliga yoki 2017-yilning sentabr, oktabr oylariga to‘g‘ri kelardi.