iPhone 8, iPhone 8 Plus va iPhone X’da akkumulyatorni tezkor quvvatlantirish rejimi bor, ammo undan foydalanish uchun yana 74 dollar to‘lab, maxsus kabel va quvvat blokini sotib olish kerak, deb yozadi TJournal.

Foto: TJournal

Tezkor quvvat olish haqidagi ma’lumotni jurnalistlar Apple saytining yangi iPhone’lar haqidagi sahifasida texnik xususiyatlar bo‘limidan topishdi. U yerda aytilishicha, qurilma batareyasi quvvati nolga tushib qolgan bo‘lsa, uni 50 foizgacha zaryadlash yarim soat vaqt oladi. Ammo buning uchun komplekt ichidagi simdan foydalanish mumkin emas: tezkor quvvat olish USB-C formatidagi kabelni va quvvat blokini talab qiladi.

Rasmiy do‘konda aksessuarlar uchun taxminan 74 dollar to‘lash kerak. Shu bilan birga, Apple kuchi 29 vattdan 87 vattgacha bo‘lgan turli quvvat bloklarini sotadi. Eng kichik versiya tezkor zaryad uchun mos kelish-kelmasligi noma’lum. Yangi iPhone’larning bir marta olgan quvvati avvalgi avlod qurilmalaridagi kabi 12—13 soat foydalanishga yetadi.