Toshkent shahar IIBB rahbari xodimlarining olib qochilgan Spark’ni ushlashdagi xatti-harakatlariga baho berdi

5-sentabr kuni Spark avtomobilini olib qochgan, so‘ng ushlash paytida qarshilik ko‘rsatib, yirik YTH keltirib chiqargan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Bahodir Qurbonov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Dastlabki surishtiruv tadbirlarining ko‘rsatishicha, qo‘lga olingan shaxs ilgari jinoyatlar sodir etgan, bundan tashqari, ruhiy xastaliklar shifoxonasi ro‘yxatida ham turgan. Jinoiy ish doirasida sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazilib, mahbusning ruhiy ahvoli tekshiriladi va shunga qarab u jinoiy ish obyekti bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin.

IIBB boshlig‘ining hikoya qilishicha, avtomobilni to‘xtatib qolish operatsiyasi chog‘ida “Tutish” rejasi ishga tushirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mashina o‘g‘risi buyruqqa bo‘ysunmagan taqdirda transport vositasini o‘qotar qurol yordamida to‘xtatish ko‘zda tutilgan.

“Xodimlarimiz o‘qotar qurolni ishlatdi, avtotransport vositasiga zarar yetkazdi va uni to‘xtatib, atrofdaliglar uchun tahdidning bartaraf etilishiga erishdi, — dedi Bahodir Qurbonov. — Xizmat surishtiruvi o‘qotar qurol xodimlarimiz tomonidan qonuniy asosda ishlatilganini tasdiqladi”.

Shuningdek, u xodimlar bevosita avtomobilni boshqarayotgan shaxsga qarshi o‘qotar qurol ishlatish huquqiga ega bo‘lganini qayd qilib o‘tdi. Ammo ichki ishlar vazirining buyrug‘iga ko‘ra qurol faqat mashinaga zarar yetkazish uchun ishlatilgan.

“Xodimlar o‘qotar qurol bilan avtotransport vositaga qarata o‘t ochganiga qaramay, ular oddiy fuqarolar yoki o‘g‘ri zarar ko‘rishiga yo‘l qo‘ymadi”, — dedi u.

Shuningdek, Qurbonov alohida reja borligini aytdi:

“Bizda alohida reja bor. Jinoyatchi qurollangani, avtomobildaligi va atrofdagilarga tahdid solishi haqida aniq axborot bo‘lsa, biz o‘qotar quroldan bunday jinoyatchilarga qarshi foydalanishimiz mumkin va foydalanamiz ham”.

“Agar internetdagi videoga diqqat bilan qarasangiz, ichki ishlar xodimi o‘t chizig‘iga tushib qolganini, ammo chekinmaganini, ikkinchisi esa quroldan foydalanishi mumkin bo‘lgani, ammo xalq va transport vositalari to‘planganini hisobga olgan holda o‘t ochmaganini ko‘rishingiz mumkin. Toshkent IIBB xodimlari ko‘nikmalarini va harbiy tayyorgarligini namoyish eta oldi”, — dedi Bahodir Qurbonov.

“Har qanday tahdid qat’iy, qoidaga ko‘ra va qonuniy asosda bartaraf etiladi”, — qo‘shimcha qildi IIBB rahbari.

U ichki ishlar organlari ishining ustuvor prinsiplari asosida Prezidentning quyidagi talabi turishini aytib o‘tdi:

“Har qanday jinoyat ortida jabrlanuvchi va jinoyatchi turibdi. Ularga qarshi emas, jinoyat sodir etilishiga olib kelgan sababga qarshi kurashish lozim. Jinoyatchilar ham, jabrlanuvchilar ham fuqarolardir. Biz hammani himoya qilishimiz kerak”.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing