O‘zgarmayotgan PFL kuni o‘zgartirilgan o‘yinlarga joy topish uchun boshqa o‘yinlar vaqtini o‘zgartirdi

O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi mamlakat Oliy Ligasining 19-turidan qolib ketgan 3 ta bellashuvga joy topish uchun, umuman boshqa turning 3 ta o‘yinini yana boshqa muddatga o‘zgartirdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: PFL

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Paxtakor”ning uchdan ortiq futbolchisiga JCh—2018 saralash o‘yini uchun chaqiruv qog‘ozi yuborgandi. Mazkur uch klub reglamentda yozib qo‘yilgan banddan foydalanib, 19-turdagi o‘yinlarini boshqa muddatga surishni PFLdan so‘ragan. Tashkilot esa ularning huquqini qanoatlantirgan.

Quyida 19-turdan qolib ketgan o‘yinlarning yangi sanasi taqdim etilgan.

O‘zbekiston Oliy Ligasi
19-tur bellashuvlari
26-sentabr, seshanba

“Paxtakor” — “Mash’al”
“So‘g‘diyona” — “Nasaf”
“Olmaliq” — “Lokomotiv”

Aslida 28-sentabr kuni Oliy Ligada 23-tur bellashuvlari start olishi kerak. PFL esa 26-sentabrga o‘yinlar belgiladi. Oqibatda, 23-turning ham 3 ta o‘yinini boshqa sanaga ko‘chirdi.

Endilikda 28-sentabr o‘tishi kerak bo‘lgan “Navbahor” — “Paxtakor” o‘yini 1-oktabrda bo‘ladi. 28-sentabrdagi “Obod” — “Lokomotiv” uchrashuvi esa 29-sentabrga qoldi. Va nihoyat 29-sentabrga avvaldan belgilangan “Bunyodkor” — “Mash’al” o‘yini 30-sentabrda o‘tadigan bo‘ldi.

12-sentabr kuni O‘FF prezidenti etib Umid Ahmadjonov saylandi. Hozircha PFLning kelgusi taqdiri so‘roq ostida turibdi. Bungacha 8 yil davomida tashkilotni boshqarib kelgan Farhod Magomedov o‘z vazifasidan ozod etiladimi yoki faoliyatini davom ettiradimi — aniq ma’lumotlar yo‘q.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing