15-sentabr kuni Marg‘ilonda “Atlas bayrami” festivali boshlanadi

Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tadigan “Atlas bayrami” festivali 15-sentabr kuni ochiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

“Atlas bayrami” festivali YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilmoqda.
Festival doirasida “Markaziy Osiyo xalqlari an’anaviy matolari va barqaror rivojlanishi” mavzusida xalqaro anjuman, O‘zbekiston hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil etiladi. “O‘zbekiston an’anaviy gilamchilik san’ati”, “Markaziy Osiyo matolari” ko‘rgazmasi, O‘zbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, askiyachilar va dorbozlar chiqishlari, “Devzira” osh tanlovi ham o‘tkaziladi.

Ayni kunlarda, festival doirasida, yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida atlas va adras matolariga bezak berish bo‘yicha mahorat saboqlari bo‘lib o‘tmoqda.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing