Londonning “Kristal Pelas” futbol klubi gollandiyalik bosh murabbiy Frank De Burga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu hol APLda yangi mavsum start olganidan so‘ng 4 ta tur o‘tib kuzatildi.
Frank De Burning iste’fosi mavsumdagi birinchisi bo‘ldi. Uning boshqaruvida “burgutlar” ketma-ket 4 ta o‘yinda imkoniyatni boy berdi va ularning birortasida raqiblar darvozasiga yo‘l topa olmadi. APL rasmiy saytining xabar berishicha, bu — antirekord. Ingliz klublari bir asrdan ortiq vaqt davomida dastlabki 4 ta tur davomida hech bo‘lmaganda 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘lib kelgan.
“Kristal Pelas” gollandiyalik mutaxassis boshqaruvida quyidagi uchrashuvlarni boy berdi: “Xaddersfild” 0:3, “Liverpul” 0:1, “Suonsi” 0:2, “Byornli” 0:1.
Frank De Bur Londonga kelguniga qadar, Milanning “Inter” klubida 85 kun ishlagandi. Vaholanki bunda shartnoma 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lgan. Shunchaki, ketma-ket qoniqarsiz natijalar sabab “Inter” uni 11-turdan keyinoq iste’foga chiqargan. Keyinroq kompensatsiya uchun million yevrodan ortiq to‘lab bergan.
O‘z davrining mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan De Bur professional murabbiylik karyerasini 2010-yil Amsterdamning “Ayaks” klubida boshlab, 2016-yilga qadar ishladi. Mana shu vaqt davomida “Ayaks” 4 bor Gollandiya chempionligi va 1 bor mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritgandi. Italiya va Angliyadagi faoliyat esa kutilganidan ancha erta yakuniga yetdi.
Izoh (0)