Toshkentda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zA.
Majlisda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator muhim dasturlar qabul qilingani ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonning yuksak gidroenergetik salohiyatidan kompleks foydalanish maqsadida 2017—2021-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra 2,6 milliard dollar evaziga 18 yangi GES qurish va mavjud 14 GESni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Dasturni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish uchun avval “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tarkibiga kirgan barcha gidroelektrstansiyalarni birlashtirgan “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Joriy yil may oyida XXR Tijorat vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi o‘rtasida O‘zbekistonda kichik va o‘rta gidroelektrstansiyalarni qurish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qiymati 2,7 milliard dollarlik bitim imzolandi.
Majlisda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalarining investitsiya faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ular O‘zbekistonda neft-gaz konlarini birgalikda izlash va o‘zlashtirish, elektr energetikasi tizimining generatsiya va transport quvvatlarini modernizatsiya qilishda faol ishtirok etmoqda. Hamkorlik natijasida Angren issiqlik elektr stansiyasida quvvati 130—150 MVt bo‘lgan energiyablok ishga tushirildi, ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi bo‘yicha hujjatlar tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida quvvati 370 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasi to‘rtinchi majlisi bayonnomasi imzolandi.