“Istiqlol” san’at saroyining direktori Isroil G‘ulomov jurnalist Feruz Muhammadga intervyu berdi. Saroy direktori suhbat davomida xonandalar, konsert tashkilotchilari bilan bog‘liq savollarga ham ochiq-oydin javob berdi.
— “Istiqlol” san’at saroyidagi chipta narxlari, chet ellik xonandalarni konsert dasturiga kirish uchun sotiladigan chipta narxlari qanday asosga ko‘ra belgilanadi?
— Chipta narxlari konsert tashkilotchilari tomonidan belgilanadi.
— Chet ellik xonandalarning konsert tashkilotchisi kim?
— Konsert dasturini kim o‘tkazsa o‘sha odamlar…
— Hozir, ayni vaqtda, chet ellik xonandalarning konsertini kim o‘tkazmoqda?
— So‘nggi vaqtlarda “Istiqlol” san’at saroyining o‘zi mazkur konsertlarga tashkilotchilik qilmoqda. Chunki Vazirlar Mahkamasidan bayonnoma chiqmoqda, o‘sha bayonnoma asosida biz tashkillashtirmoqdamiz.
— Konsert chipta narxlarini nima asosda belgilaysiz?
— Keladigan xonandaning gonorari bor, solig‘i, aviachiptalari, konsert reklamasi bor. Ushbu xarajatlarni hisoblab shunga yarasha narx chiqaramiz. O‘rta hisobda konsert chiptalarining 50 foizi sotilganidan so‘ng sizning xarajatingiz chiqishi kerak. Agar o‘shanday holatda xarajati chiqmasa siz bankrot bo‘lasiz.
— Chet eldan keladigan xonanda ham san’at saroyidan foydalanganligi uchun ijara haqi to‘laydimi?
— Chet eldan keladigan xonandaning konsertini tashkil qilgan tashkilot o‘zimiz-ku…
— Tushundim, siz ham o‘zingizning tashkilotingizga, ya’ni “Istiqlol” san’at saroyiga ijara haqi to‘laysizmi?
— Tushgan pul o‘zimizga qoladi-ku. “Istiqlol” san’at saroyi nimaning hisobidan ta’mirlanadi? Asosan o‘zi tashkil qilayotgan san’atkorlarning konsertidan tushgan pullar evazigada!
— “Istiqlol” san’at saroyi tashkilotchiligida o‘zbek xonandalarining konsert dasturlari ham tashkillashtiriladimi?
— Albatta, ko‘proq “Mirzo” teatrining konsert dasturi tashkillashtiriladi. Keyin yana vaziyatga qaraladi.
— Siz tomondan tashkil qilingan konsertlar uchun, konsertdagi xonandalarga gonorar beriladimi yoki konsert tashkil qilganingiz uchun xonanda gonorarsiz qoladimi ?
— Albatta, gonorari beriladi. Biz o‘tkazgan konsertda san’atkor o‘ziga hisob raqam ochadi, o‘sha hisob raqamiga konsert foydasidan unga ham gonorar ajratiladi.
— Chet ellik xonandalar o‘zi bilan texnikasini ham olib keladimi?
— Olib keladiganlari ham, olib kelmaydiganlari ham bor.
— Kimlar o‘zi bilan olib keldi?
— Misol uchun Kirkorov hamma narsasini olib keldi. U bizga “sahnani top toza qilib, elektr bilan ta’minlasangiz bo‘ldi”, dedi va hamma narsani o‘zi bilan olib keldi. U jami bo‘lib 5 ta Furada sahna uchun dekoratsiya, texnika vositalari bilan kelgan. Bundan tashqari Bochelli ovoz kuchaytiradigan moslamalarini, chiroqlarini o‘zi bilan birga olib keldi. Agar bizning texnikalarimiz ularning talabiga javob beradigan bo‘lsa, olib kelmaydi.
— Aksariyat o‘zbek xonandalaridan “nima sababdan jonli ijroda konsert bermayapsan” deb savol berilganida, “Istiqlol” san’at saroyining texnikasi talabga javob bermasligini bahona qilib ko‘rsatishadi. Chet ellik xonandalar orasida ham texnikani o‘zi bilan olib keladiganlari bor ekan. Demak, haqiqatdan ham “Istiqlol” san’at saroyining texnikasi jonli ijro talablariga javob bermas ekanda?
— “Istiqlol” san’at saroyining o‘zida bor texnikasi barcha talablarga javob beradi. Bizda faqat ovoz kuchaytirgich va sahnaga qo‘yiladigan chiroq yo‘q. Jonli ijroda kuylay olmagan xonandalar texnikasi nosoz deb bahona qilishi mumkin. Jonli ijroda qo‘shiq aytaman degan xonanda likopchada ham qo‘shiq aytaveradi.
— Ammo rad qilib bo‘lmaydigan bir haqiqat, ya’ni san’at saroyining o‘ng va so‘l qanotlari chiptalarini, muxlislar “ovoz yaxshi eshitilmaydi”, deb xarid qilmasligi bor gap-ku, to‘g‘rimi?
— Yo‘q, ovoz yetib bormaydi emas, aksincha kolonkalar o‘sha tomonlarga qaratilgani uchun ovoz kuchli boradi. Nasib bo‘lsa Igor Iosis kuz faslida Belgiya davlatidan yangi apparaturalarni olib keladi va ular sahnada emas, osilib turadigan bo‘ladi va bu muammo o‘z-o‘zidan yechimini topadi. Bularning hammasi uchun katta mablag‘ kerak, bu apparaturalar, texnikalar arzon turmaydi.
— Mablag‘ yetmaydi deysizmi, axir “Istiqlol” san’at saroyida yil davomida 200 dan ortiq konsert dasturlari bo‘lib o‘tmoqda-ku…
— Yetmaydi, chunki bu apparaturalar kamida 1-2 million dollar turadi.
— Apparaturalar qayerdan sotib olinadi?
— Yevropa davlatlaridan, xususan, Germaniyadan, Belgiyadan olib kelinadi.
— Kirkorov hamda Bochellidan tashqari yurtimizda mehmon bo‘lgan chet ellik xonandalarning barchasi ushbu texnika bilan jonli ijroda konsert berishdimi?
—A’Studio, Meladze, Allegrova singari, umuman olganda chet eldan kelgan xonandalar mutlaqo fonogrammada ishlamaydi, qaytanga o‘zimizning xonandalar dangasa bo‘lib qolganidan fonogrammani ham ayta olmasdan nolishmoqda. O‘zi tomoshabini yo‘q bo‘la turib, kuylay olmasdan qiladigan bahonasi texnika bo‘lib qolmoqda. Chet ellik xonandalar Igor Iosisning texnikasi bilan ham mazza qilib jonli ijro qilib ketishdi-ku, hech biri noligani yo‘qku. Texnika javob bermaydi deyishlari bahona, texnika yomon bo‘lsa olib kelishsin.
— Demak, xonanda o‘ziga ma’qul bo‘lgan texnikani olib kelishi mumkin, shundaymi?
— Xohlasangiz o‘zingiz ham biz va konsert tashkilotchilari o‘rtasida tuzilgan shartnomani ko‘rishingiz mumkin. Shartnomada xuddi shu bo‘limlar kiritilgan. Bemalol olib kelish mumkin, faqat bizning standart talablarga javob berishi kerak. O‘zimizning komissiyamiz bor, har bir san’atkor konsert dasturidan 10 kun avval sahnaga olib kiradigan buyumlarini komissiya a’zolariga tekshirtiradi. Aybni “Istiqlol” san’at saroyiga qo‘yish kerak emas, o‘zi astoydil konsert qo‘yaman desa, xohlagan texnikasini olib kelib konsertini taqdim qilaversin. Har bitta san’atkorga kamida bir hafta tayyorgarlik uchun joy beraman, misol uchun Yulduz Usmonova ikki oy mobaynida “Istiqlol” san’at saroyida konsert uchun tayyorgarlik ko‘rdi.
— Tayyorgarlik ko‘rgani uchun, joy uchun xonandadan pul olinadimi?
— Yo‘q, tekin.
— Bu faqat Yulduz Usmonova uchunmi yoki boshqa xonandalar uchun ham tayyorgarlik ko‘rish tekinmi?
— Qaysi xonanda bo‘lsa ham tekin. Tayyorgarlik ko‘rish uchun mo‘ljallangan 3 ta zalimiz bor. Yoshi katta bo‘lishiga qaramasdan G‘ulomjon Yoqubov konsertidan oldin bir oy, bir yarim oy tayyorgarlik ko‘rdi.
— San’atkorlar yoki konsert tashkilotchilari o‘rtasida konsert kuni masalasi yuzasidan nizoli holatlar kelib chiqqanmi?
— Yo‘q. Bir xil yangi tashkilotlar “bizga mana bu oyda kun qilib bering yoki boshqa oyda bo‘lsa yaxshi edi”, deganlar bo‘ladi, lekin band bo‘lganidan keyin ular o‘z-o‘zidan tushunib yetadi.
— Xabarimiz bor, xonanda Manzuraning konsert dasturini uchinchi kuni qoldirilgan edi. Shunday vaziyatlarda sotib olingan biletlarning pullari qaytarilishini kim nazorat qiladi?
— Konsert tashkilotchilari yoki xonandalar “men uch kun konsert beraman yoki to‘rt kun konsert beraman”, deb kun belgilashga kelganida ularga ochig‘ini, ya’ni “sen uch kunga yoki to‘rt kunga tortmaysan, ikki kun qil, agar ikki kunlik chiptalaringni sota olsang, uchinchi kunni qo‘shib yuborish muammo emas”, deyman. Ko‘plari “yo‘q-yo‘q” deb o‘zlari aytganidek 3 yoki 4 kunni band qilashadi-da, so‘nggi kunlarini bekor qilishadi.
— Xonanda Manzuraga ham shu maslahatni berganmisiz ?
— Xonanda Manzura konsertining ikkinchi kunida mazasi bo‘lmasdan, uchinchi kunini bekor qilishga majbur bo‘lgan edi.
— Chipta sotib olgan muxlislarga pulni kim qaytaradi?
— Konsert tashkilotchilari!
— Konsert tashkilotchilari bu borada sustkashtlikka yo‘l qo‘ysa, muxlislar sizlarga shikoyat qilsachi?
— Bunday vaziyatda tashkilotchilarni chaqirib muammoni hal qilamiz. Men bu masalaga juda ham qattiq e’tibor beraman. Chunki bu yerga keladigan tomoshabin meni tomoshabinim, ularniki emas, shu vaqtgacha nizoli holatlar bo‘lgani yo‘q. Yaqinda aynan shu masalada qiziq holat bo‘ldi. Bolalar uchun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan konsertning biletidagi 16 raqami, texnik muammo sabab 18 raqamiga o‘xshab qolgan. Yuzga yaqin muxlislar 18-kuni tomosha ko‘raman deb kelishdi. O‘shanda ham konsert tashkilotchilari darrov bu masalani hal qilishdi.