AQShning Florida shtatida yashovchi qariyb 500 ming kishi yaqinlashib kelayotgan “Irma” to‘foni sababli o‘z uylarini tashlab ketdi. Ko‘pchilik o‘z avtomobilida yo‘lga chiqishni ma‘qul ko‘rdi va bu avtomagistrallarda jiddiy tirbandliklarni yuzaga keltirdi. Holat aks etgan video BFMTV tomonidan taqdim etilgan.
https://www.facebook.com/BFMTV/videos/10156073781472784/
Shtatdan chiqib ketayotganlar benzin taqchilligi muammosiga ham duch kelgan. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarining qariyb yarmida hech qanday yoqilg‘i qolmagan.
“TASS”ning yozishicha, to’fon markaziga tushadigan Mayami-Deyd, Brouard, va Palm-Bich okruglarida olti million kishi yashaydi. Evakuatsiyani tezlashtirish maqsadida shtat rahbariyati Floridaning janubiy hududidan shimolga olib boruvchi yo‘llardagi yig‘imlarni bekor qilgan.
Florida transport departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, shimolga olib boruvchi 95-shossedagi mashinalar soni 7-sentabr, payshanba kuni soatiga to‘rt mingtani tashkil qilgan. Odatiy holda esa ularning soni soatiga mingta bo‘lgan. Bundan tashqari, 75-shosseda politsiya yo‘l chetidan harakat uchun qo‘shimcha qator sifatida foydalanishga ruxsat bergan.
Mayami, Fort-Loderdeyl va Ki-Uest aeroportlarida qo‘shimcha reyslar tashkil qilingan. Kutilganidek, bu aeroportlarning ishi 9-sentabr kuni to‘xtatiladi.