2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan 5-sentabrdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga chet el valyutasini banklar orqali erkin sotib olish va sotish yo‘lga qo‘yildi. Samarqand viloyatidagi banklar tomonidan ham bunday operatsiyalar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
5-sentabrdan viloyatda 83 valyuta ayirboshlash shoxobchasi ish boshladi. Ularning 60 tasi tijorat banklari filial va mini-banklarida joylashgan bo‘lsa, qolganlari mehmonxonalar, bozor va savdo majmualari, aeroport va temiryo‘l vokzalida tashkil etildi.
Mijozlarga qulaylik yaratish va ularning vaqtini tejash maqsadida shoxobchalarda ish ikki navbatda yo‘lga qo‘yildi. Bayram va dam olish kunlarida esa uzaytirilgan ish tartibi joriy etildi.