Namangan viloyati Chust tumanida uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarning bir guruhiga yangi barpo etilgan ko‘p qavatli arzon uylardan xonadonlar kaliti tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-oktabrdagi “2017–2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2016-yil 22-noyabrdagi “2017–2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, aholining keng qatlami uchun zamonaviy va shinam turar joylar bunyod etilib, kam ta’minlangan va yosh oilalar, yolg‘iz keksa va nogironlar imtiyozli ravishda uy bilan ta’minlanmoqda.
Ushbu hujjatlar asosida joriy yilda Namangan viloyatida yigirmaga yaqin uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz imtiyozli ipoteka krediti asosida uy bilan ta’minlanadi. Boshlang‘ich badal Prezident tomonidan to‘lab berilmoqda.
Chust tumanining Sabzazor massivida barpo etilgan ikki qavatli, 64 xonadonli to‘rtta uy foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat, tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.