O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi jismoniy va yuridik shaxslarga avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalarida sotish bo‘yicha yangi savdo platformasini ishga tushirdi. Bu haqda birja matbuot xizmatiga tayanib, UZ24 ma’lum qiladi.

Skrinshot: “Avtoraqam.uzex.uz”

Elektron auksion savdolar ayni paytda test rejimida ishga tushirilgan birjaning “Avtoraqam.uzex.uz” yangi veb-saytida amalga oshiriladi.

Avtoraqamlarni savdolarga qo‘yilishi IIV YHXBB bo‘linmalarining mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ularni birjaning axborot tizimida ishlash bo‘yicha malakali o‘qitish maqsadida O‘zRTXB xodimlari tomonidan Toshkent shahri va respublikaning hududlariga qisqa muddatli sayyor o‘quv kurslari tashkillashtirildi.

“Elektron savdolarni yangi mexanizmi, birjaning boshqa savdo platformalari kabi ochiq-oydinlik, oshkoralik, raqobat va barcha savdo ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish tamoyillariga asoslangan”, — deya ta’kidlanadi UZEX xabarida.

Ayni paytda 20 dan ortiq avtoraqamlar onlayn-auksionga qo‘yilgan. Ular orasida eng arzonining boshlang‘ich narxi 5 242 125 so‘mdan boshlanadi. Bu eng kam ish haqining 35 baravariga tengdir. Shuningdek, boshlang‘ich narxi eng kam ish haqining 50 baravari (7 488 750 so‘m) miqdorida bo‘lgan avtoraqamlar ham onlayn-auksionga qo‘yilgan.