2–3-sentabr kunlari Qirg‘izistonning O‘sh shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston ekspert guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo O‘zbekiston–Qirg‘iziston qo‘shma komissiyasi 8-majlisi (2017-yil 16-avgust, Bishkek) bayonnomasining “Chegara hududida hamkorlik to‘g‘risidagi” VI qismini ijro etish doirasida va savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish uchun sharoit yaratish, fuqarolarning o‘zaro safarlarini yengillashtirish maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitim (2006-yil 3-oktabr) va davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimning (2004-yil 24-iyul) bandlarini amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi, chegara orqali alohida o‘tkazish punktlarini ochishga doir aniq masalalar muhokama qilindi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakuniga ko‘ra bayonnoma imzolandi.
Izoh (0)