Sakkizinchi sentabr, juma kuni Toshkent shahri markazida men 2012-yil fevralidan buyon kutayotgan hodisa yuz beradi. Aynan o‘sha vaqtda men g‘oyatda iste’dodli o‘zbek oshpazi Bahriddin Najmiddinov bilan tanishgan edim. Esimda, ming qarichlik cho‘zma lag‘mon haqida, ammo asosiysi, Bahriddinning osh pishirib, rekord o‘rnatish orzusi haqida suhbatlashgan edik. Bundan u shaxsiy manfaat olishni yoki o‘zicha shuhrat qozonishni emas (Ginnessning Rekordlar kitobida hech kimning ismi ko‘rsatilmaydi), balki milliy o‘zbek taomining shuhrati butun dunyoga jaranglashini ko‘zlayotgandi.

Foto: Bahriddin Chustiy

O‘tgan yillar ichida “shunchaki Bahriddin” “o‘sha mashhur Bahriddin Chustiy”ga aylandi. U ulg‘aydi, Namangan viloyatidagi ota shahri bo‘lmish Chustda milliy choyxona, Toshkentda ikkita choyxona-kafe va hatto milliy taomlar tayyorlanadigan oliy daraja restoranini ochdi, ammo bir kunga ham o‘z orzusidan voz kechmadi.

Har safar uchrashganimizda biz Internetda dunyoning turli mamlakatlarida guruchdan tayyorlanib, rekord o‘rnatgan taomlarni o‘rganardik va bo‘lg‘usi osh uchun doshqozon qanaqa bo‘lishi kerakligini va uni qayerda yasash mumkinligini muhokama qilardik.

Foto: Bahriddin Chustiy

2017-yil avgustida do‘stlar va maslakdoshlar rekord darajadagi palovni pishirish tomon hal qiluvchi qadamni qo‘yishdi. Olmaliqda maxsus ulkan qozon tayyorlandi va o‘sha yerdayoq 20 ming kishini to‘ydirish uchun yetgan ajoyib osh pishirildi.

Shu hafta, nasib bo‘lsa, “O‘zbegim” an’anaviy madaniyat festivali doirasida dunyodagi eng katta hajmli osh tayyorlanadi. Mamlakatning turli burchaklaridan kelgan ellik nafar taniqli oshpaz asosiy o‘zbek taomini pishiradi. Yozishlaricha, rekordni qayd etish uchun Ginnessning Rekordlar kitobi rasmiy vakillari yetib keladi. Bu juda yaxshi yangilik.

Foto: Bahriddin Chustiy

Mamlakat oshpazlarining pazandalik san’atiga zarracha ham shubha qilganim yo‘q. 8000 kilogramlik oshni tayyorlash haddan tashqari qiyin, ammo ular buni uddalashiga ishonaman.

Men hozir sizga bizning rekord o‘rnatishdagi rolimiz qanaqa bo‘lishi haqida gapirib beraman. Sabzi-piyoz to‘g‘rash, guruch yuvish, go‘sht nimtalash, no‘xat, mayiz, tuz, zira, murch va zarchavani o‘lchab berishda qatnashmaydigan biz kabi odamlar yanada murakkabroq vazifani bajarishimiz kerak bo‘ladi.

Foto: Bahriddin Chustiy

Ginnessning Rekordlar kitobiga faqat bitta rekordni kiritishimiz kerak. Osh tayyorlash bo‘yicha rekord. Shunday qilaylikki, hech kim hech qachon sakkiz tonnalik osh haqida gapirayotib, biz, o‘zbekistonliklar shahar markazida tartibsizlik, ur-yiqit va it egasini tanimaydigan holatni yuzaga keltirganimizni tilga olmasin.

Bu fikrlar tasodifiy emas. “Osh festivali”ni xotirlashim bilan, fuqarolarimiz ba’zan o‘zlarini qanchalik darajada boshqara olmay qolishi xayolimga keladi. Aeroportlarda, yo‘nalishli taksi to‘xtash joylarida, kassalar yonidagi navbatlarda o‘zimizni qanday tutishimizni siz ham eslab ko‘ring.

Men ichki ishlar xodimlarining yuqori darajada professionalligiga ishonaman, ularni xavfsizlik va tartibni ta’minlashga shubhasiz jalb etishadi. Ko‘ngillilar, ko‘ngilli yordamchilar ham bo‘lishiga ishonaman. Kelinglar, huquq-tartibot organlari va ko‘ngillilar ishini osonroq qilaylik.

Hozirgi kunda “O‘zbekistonda tug‘ilganimdan faxrlanaman” qabilidagi yozuvlar tushirilgan futbolkalarni ko‘rish mumkin. Bu, albatta, yaxshi.

Ammo kishi O‘zbekistonda yoki Yaponiyada tug‘ilgani uning xizmati emas. Har bir kishi O‘zbekiston uchun faxr tuyg‘usini tuyish sabablarini ko‘paytirish yo‘lida nimadir qilishi — undan-da yaxshiroq. Bahriddin do‘stlari bilan ana shunday ishga qo‘l urmoqda, va men uning pazandalik sohasidagi jonbozligini yana bir bora qo‘llab-quvvatlashimni bildiraman.

Bizning oddiygina, ammo shu bilan birga, murakkab ham bo‘lgan vazifamiz — milliy taomimiz bayramini hech narsa bilan buzmaslik.

Agar biz o‘zbek palovi tarixidagi asosiy kunni xotirjamlik bilan, bir-birimizni turtkilamasdan va shovqin solmasdan o‘tkazsak, to tirik ekanmiz, o‘z-o‘zimizdan faxrlanib yashaymiz.

Do‘stlaringizning hayotida quvonchli voqea yuz bersa, bu sizning ham hayotingizdagi quvonchni bildiradi. Jahon rekordini o‘rnata olsak, quvonchli hodisa barcha o‘zbekistonliklar hayotida yuz beradi.

Va faxrlanish uchun sabablar yana bittaga ko‘payadi.

Baxtiyor Nasimov, “Daryo” sharhlovchisi