Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Tesla’ning oxirgi modelini sinovdan o‘tkazdi va shundan respublikada darhol shu kabi loyihani ishga tushirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Jahon shu yo‘nalishda rivojlanmoqda. Amerikaliklar super avtomobil yaratdi. Barakalla! Tesla ajoyib avtomobil yaratdi. Shunday tezlik oladi, ichki yonishli nemis avtomobillari shu zahoti ortda qolib ketdi va unga yeta olmadi. Kosmik kemaday start oladi, hatto undan tezroq. Ikki yarim sekundda — 100 kilometr. Lekin u yo‘lni qanday ushlashi meni ko‘proq qiziqtirdi — ideal darajada” — deb o‘z hissiyotlarini ifodaladi Lukashenko.
Lukashenkoning so‘zlariga qaraganda, Belarus ishlab chiqaruvchilari Tesla’dan namuna sifatia foydalanib, uning darajasiga intilishi lozim. Jumladan, u yaqinda Geely negizida Belarusda yaratilgan elektrokar bilan tanishganini bildirib o‘tdi.
“Men uni sinchiklab tekshirdim, barcha detallarini o‘rgandim. Dvigatelning darajasi qandayligini bilmadim, lekin tashqi jihatdan yaxshi ko‘rinadi”, — dedi davlat rahbari.
Izoh (0)