22-avgust kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Dehli shahriga tashrifi chog‘ida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Hindiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Forumda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Hindiston savdo va sanoat davlat vaziri Nirmala Sitharaman, “Hindiston–MDH” savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madhu, O‘zbekiston va Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Abdulaziz Komilov forumning ochilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston uchun Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida yanada yaqin munosabatlarni o‘rnatish, respublikadagi ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga yangi hind kompaniyalarini jalb qilish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston TIV rahbari hind investorlarini mazkur erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishda keng ishtirok etishga taklif etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida hamda biznes forumi yakunlariga ko‘ra umumiy hajmi 80 million dollardan ortiq bo‘lgan 22 shartnoma hamda umumiy hajmi 70 million dollardan ortiq bo‘lgan 20 investitsion bitim imzolandi.
Izoh (0)