Islom Karimov nomidagi fond O‘zbekistonning YuNЕSKOdagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ingliz va fransuz tillariga tarjimasiga bosh-qosh bo‘lmoqda. Bu haqda fondning Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qilindi.

Foto: Facebook / Islam Karimov Foundation

“Islom Karimov nomidagi Fond madaniy-ma’rifiy va ilmiy ommabop manbalar hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini tarjima qilish va chop etishga grant ajratish orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrash va targ‘ib etishga hissa qo‘shib kelmoqda”, — deyiladi xabarnomada.

O‘zbek romanchilik maktabining ilk namunasi sanalgan mazkur asar XX asr o‘zbek adabiyotining chinakam durdonasi deya e’tirof etilgan. Salkam bir asr avval yozilgan roman hali-hamon o‘zbek adabiyotining eng ko‘p o‘qiladigan asarlari sirasiga kiradi.

“O‘zbekistonning milliy ma’naviy boyligiga aylangan ‘O‘tkan kunlar’ romani xorijlik o‘quvchilar orasida ham o‘z muxlislariga ega bo‘lsa ajab emas. Ayni chog‘da asar xorij o‘quvchisini o‘zbek xalqining ma’naviy olami, yuksak badiiy tafakkuri va umrboqiy qadriyat va an’analariga oshno etadi”, — ma’lum qildi fond vakillari.