Shu yilning 12-sentabr kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasida hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘zining Twitter mikroblogida Xalqaro futbol uyushmasi (FIFA) hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) bundan voqif etilgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: “Uz24.uz”

Shunga qaramay, futbol jamoatchiligi bu haqda bilmaydi, deb yozilgan tvitda. Bundan tashqari “Anhor.uz” sayti mazkur masalaga o‘z e’tiborini qaratib, O‘FFni o‘z nizomiga rioya qilmayotganlikda ayblagan. Shuningdek, tashkilot vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayevning Xalqaro press-klubda aytgan shaffoflik haqidagi fikrlarini eslatib o‘tgan. Garchi Rahmatullayev O‘FF barcha ishni shaffof amalga oshirishi haqida aytib o‘tgan bo‘lsa-da, tashkilot rasmiy sayti hozirga qadar hisobot-saylov konferensiyasining aniq sanasiga oydinlik kiritmagan.

O‘FF nizomi va Ijroiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra (27-modda, 2-band), hisobot-saylov konferensiyasiga 6 hafta vaqt qolganida tashkilot bu haqda rasman ma’lumot berishi shart. Qayd etish kerak, Eronga qarshi JCh—2018 saralashidan joy olgan uchrashuvdan keyin, aniqrog‘i, 15-iyun kuni O‘FF matbuot xizmati bu haqda ma’lum qilgan. Biroq aniq sana ko‘rsatilmagan. Bunda asosiy masala Samvel Babayanning kamida 5-santabrga qadar milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lib qolishiga qaratilgan, hisobot-saylov konferensiyasi masalasi bu xabarga ilova qilingan.

Endi O‘FF o‘z nizomidan kelib chiqib, saylovgacha 6 hafta qolganida aniq sanani aytgan hisoblanmaydi. 12-sentabr sanasi esa hozircha norasmiy manba tomonidan aytilgan bo‘lib qolaveradi. FIFA va OFK bundan voqif etilgani futbol jamoatchiligiga ma’lum qilinmagan.

“Anhor.uz”ning qayd etishicha, O‘FF prezidentligi uchun nomzodlar saylovga 4 hafta qolganida oshkor etilishi lozim. Biroq bu masalada ham tashkilot hozircha jim. Demak, futbol jamoatchiligida mavjud vaziyatni keng muhokama qilish uchun vaqt va imkoniyat yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shundan kelib chiqilsa, xabarda O‘FFni shaffof tashkilot deyish mumkinmi, degan fikr ilgari surilgan.