Ukraina sharqidagi qurolli nizo hududida 2014-yildan beri 2,7 mingdan ziyod tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Ukrainadagi bo‘linmasi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RBK”.
“Ukrainadagi harbiy nizo davomida 2 700 dan ziyod tinch aholi vakili halok bo‘ldi, bir milliondan ziyod oila o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi”, — deyiladi tashkilot hisobotida.
Bundan tashqari, Xalqaro Qizil Xoch jangovar harakatlar hududida bo‘lgan bolalar sonini ham hisoblab chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, nizo qamrab olgan hududlarda 500 ming bola istiqomat qiladi.
2017-yil bahorida BMTning Ukrainadagi inson huquqlari bo‘yicha Monitoring missiyasi Ukrainadagi qurolli nizo qurbonlari soni bo‘yicha o‘z hisob-kitoblarini taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, urushning uch yili davomida salkam 10 ming kishi halok bo‘lgan (bu raqam ham tinch aholi vakillarini, ham to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan harbiylarni hisobga olgan).