Gruziyaning sobiq prezidenti, Odessa viloyatining sobiq hokimi Mixail Saakashvili 10-sentabr kuni Ukrainaga qaytishni rejalashtirayotganini bildirdi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“Men Ukrainaga qaytmoqdaman. Men 10-sentabr kuni qaytaman, Polshadan ‘Krakovets’ o‘tish punkti orqali boraman”, — ma’lum qildi u Facebook’dagi sahifasi orqali uyushtirgan translyatsiyasida.
Saakashvili chegara punkti yaqinida uning tarafdorlari yig‘ilishiga umid bildirdi:
“Biz bilan jurnalistlar bo‘ladi, biz bilan deputatlar bo‘ladi, biz bilan odamlar bo‘ladi. Meni Polshada yashovchi ukrainaliklar kuzatib bormoqchi, ular juda ko‘p. Odamlar chegaraga kelsa, minnatdor bo‘laman”.
Saakashvili Ukraina fuqaroligidan mahrum qilingan edi. Ukraina rasmiylari u mamlakatga kiritilmasligi va imkon bo‘lishi bilan pasporti tortib olinishini bildirmoqda.