“Kamp Nou”ga ekskursiya haqida yozgandik. Bu yerda bo‘lishning o‘zi katta baxt. Biroq agar siz rostmana o‘yin uchun tashrif buyursangiz, qo‘shimchasiga u “El-Klasiko” bo‘lsa, bundagi eyforiyani so‘z bilan tasvirlash qiyin. Uni faqat his qilib ko‘rish kerak.

Foto: “Daryo”

90 mingdan ziyod ishqibozni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan stadionga kirib olish go‘yoki vaqt oladigandek. Ammo hammasi shu qadar chiroyli yo‘lga qo‘yilganki, sektoringizga piyoda borish uchun ketadigan vaqtni aytmasa, stadionga kirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Hamma narsa juda yaxshi tashkillashtirilgan. “Barselona” muxlislari uchun tekin tarqatilayotgan bayroqlar, stadion atrofida sotilayotgan atributlar “Kamp Nou”ni go‘zal ko‘rinishga keltiradi.

Foto: “Daryo”

Futbol uchrashuvlariga u qadar tashrif buyurmaydigan kishilar ham mana shunday stadionlarda millionlar o‘yiniga sehrlanib qoladi. Bu yerda zerikish, zavqlanmaslik, atrofdagi voqealarga bee’tibor bo‘lishning shunchaki iloji yo‘q. Stadion o‘z qahramonlarini qanchalik sevishi, ularning “Real” futbolchilari-yu, Krishtianu Ronalduga munosabati qadar e’tibordan chetda qolmaydi. Diqqatimni eng ko‘p tortgan jihat, stadionda xorijlik muxlislarning ko‘p ekani bo‘ldi. Barselonadagi har uch kishidan biri chet ellik bo‘lsa, stadionda bu ko‘rsatkich ikkidan birga tenglashsa ajab emas. Bu esa klubning faqatgina bir shaharga emas, uni suygan ko‘pchilikka tegishli ekanini bildiradi. Inyesta aytganidek, stadion “Real”ga ko‘proq muxlislik qilmadi, shunchaki Barselonada xordiq chiqarayotgan kishilar orasidan madridliklarga ishqibozlik qiluvchilarni ham istalgancha topish mumkin edi. Oddiy misol, biz bilan sayohat qilayotgan muxlislardan ham ikki nafari “Real” o‘yinini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqandi. Hozir ularning quvonchi cheksiz.

Foto: “Daryo”

Quvonchli tasodif

Tasodifni qarangki, qarama-qarshi sektorda boshqa bir o‘zbekistonliklar joy olgandi. Feysbuk bizni tanishtirdi, uchrashtirdi. Sherzod ismli buxorolik aka 10 yillardan buyon Barselonada istiqomat qilar ekan. Mana shu insonning tug‘ilgan kunida “Barselona” asosiy raqobatchisidan har jabhada yengildi. Akasidek bo‘lib qolgan insonni ko‘rish uchun bu yerga tashrif buyurgan mezbonlarning toshkentlik muxlisi ham maqsadiga yeta olmadi. Bu futbol, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biroq o‘zga yurtda o‘z vatandoshingni, o‘z bayrog‘ingni ko‘rish boshqacha bo‘ladi. Bunda tanishlilik darajasi emas, bir til va bir makondan ekaning seni soniyalardayoq yaqinlashtirib qo‘yadi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Barselonada o‘zbekcha osh

Foto: “Daryo”

“Sport” kanalidagi faoliyati orqali boks muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Ikrom Yusupov bilan Barselonada ko‘rishishni avvaldan niyat qilib qo‘ygandim. Kela olishimizga u qadar ishonqiramagan insonning Jironadan uchib kelishi va hayajonini yashira olmasligini ko‘rganingizda edi… Azimut Travel guruhining barcha vakillari bilan shu ondayoq aka-ukadek bo‘lib ketgan vatandoshimiz bilan “El-Klasiko” kunini to‘liq birga o‘tkazdik. O‘rta yer dengizida birga xordiq chiqardik. Keyin esa futbolga qadar Barselonada o‘zbekcha osh tayyorladik.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Balki ko‘pchilik bilmas, “Sokker klub” ko‘rsatuvi dunyoga kelishida mana shu inson birinchilardan bo‘lib katta yordam bergan. Hozir bu kishining o‘g‘li Sardor Kataloniya chempionatida to‘p suradi. Yaqin kelajakda uning O‘zbekiston milliy terma jamoasida paydo bo‘lishi meni umuman ajablantirmagan bo‘lardi. Sardor o‘z klubi bilan yig‘inda bo‘lgani uchun, u bilan ko‘risha olmadik.

#tour_de_clasiko... Uning har bir kunida voqealar, qiziqarli holatlar, kishini hayrat ko‘chasiga yetaklaydigan esdaliklar shunchalik ko‘pki, hammasi tushga o‘xshaydi yoki birgina kun uchun ko‘plik qiladi. Barselonadagi 3 kun sabab Frankfurt sayohati xuddiki ancha oldin bo‘lib o‘tgandek tuyulardi. Xuddiki biz bir necha soat ichida Barselonaning bir qismiga aylanib qolgandek edik.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Azimut Travel

Manzil: Samarqand shahri, A. Jomiy ko‘chasi, 65 uy Telefon: +99895 5079469 Ofis: +99866 2332666 Reklama bo‘lim: +99898 5731111 E-mail: sayohat@azimut.uz