Barselona hayotimda o‘chmas iz qoldiradigan bo‘ldi. “Kamp Nou” stadionidan chiqish arafasida ayolimda dard boshlangani haqida bildim. Biroz o‘tib uning ko‘zi yoridi va Sevinchim dunyoga keldi, yetkazganiga shukr.
Ichimdan qanday kechinmalar o‘tganini so‘z bilan tushuntirish qiyin. Shu kuni yuzlab tabriknomalar, qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Birinchilardan bo‘lib esa sayohatdoshlarim hisoblangan futbol muxlislari quvonchli xabardan voqif bo‘lishdi. Kayfiyat o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqib, kun davomida bizga hamrohlik qildi.Barcelona City Tour
Turistlar uchun mo‘ljallangan ikki qavatli avtobuslar butun Barselona bo‘ylab sayohat uchun mo‘ljallangan. Ular har 5 daqiqada bekatga yetib keladi. Siz kun avvalida uning uchun chipta sotib olib, avtobusdan istaganingizcha foydalanishingiz mumkin. Shaharda sizni qiziqtirgan joy chiqsa, bemalol tushib qolavering va keyingisida bamaylixotir davom eting. Avtobus radiosi 15 xil tilda sizga Barselona haqidagi ma’lumotlarni yetkazib turadi.
Ha, aytgancha, Barselona tramvayi ham Frankfurtnikidan qolishmaydi va shaharga o‘zgacha chiroy bag‘ishlaydi. Shunchaki undan qanday foydalanishni bilish kerak, xolos. Ketma-ket ikki shahardagi taassurot Toshkent uchun o‘tmishga aylangan tramvay yo‘nalishlari haqida o‘yga toldiradi.
“Kamp Nou”
Biz joy olgan oteldan orzulardagi stadionga qadar piyoda 15 daqiqalik yo‘l. Dunyoning eng oldi futbolchilari to‘p suradigan jamoa stadioniga sayohat bizni hayrat ko‘chasiga yetakladi. Stadionga har daqiqa oqib kirayotgan muxlislar va ular jamoaga keltirayotgan foydani hisoblab ko‘rib, “Barselona”ning naqadar qudratli klub ekaniga yana bir bor amin bo‘lishingiz mumkin.Stadionda sizga nima qiziq? Do‘konlar? Matbuot anjumani zali? Yechinish xonasi? Balki eng yaxshi tribunalar, sharhlovchilar xonasi, stadion maysasining o‘zi sizni ko‘proq qiziqtirar? Muxlislar o‘zlari istagan narsalarni ko‘rishlari uchun klub barcha sharoitni yaratib qo‘ygan. Hammasi a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. Azimut Travel kelajakda ham Ispaniyaga futbol sayohatlarini rejalashtirgan, siz ulardan birida ishtirok etib, bularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Sayohat davomidagi batafsil ma’lumotlar “Turizm” gazetasi sahifalarida bo‘ladi.
O‘rta yer dengizi
Barselonadek go‘zal va betakror shaharni topish qiyin bo‘lsa kerak. Zamonaviylik bilan uyg‘unlashgan ko‘hna tarix, tog‘ va dengiz oralig‘ida joylashgan ajoyibot. Siz o‘zingizni “Graf Monte Kristo” asaridagi sayohatchilardek his qilishingiz uchun yetarlicha taassurot bera oladigan o‘lka.Sayohat davomida Kataloniya mustaqilligini istovchilar ko‘p ekanligini uylar oynasiga osib qo‘yilgan bayroqlardan ham bilish mumkin. Barselonadagi har uch odamdan biri sayohatchi ekani, bu o‘lka turizmdan qanday katta daromad qilishini ko‘rsatib turibdi. Bu yer Ispaniya uchun juda katta ahamiyat kasb etadigan makon ekanini tushunish qiyin emas.
Bugun “El-Klasiko”
12-avgust voqealari haqida kichik bir kitob yozish mumkin. Bir kun uchun keragidan anchagina ko‘p taassurotlar borki, ularning barchasini birdaniga yetkazib berish qiyin.Bugun bizni birinchi “El-Klasiko” kutib turibdi. O‘yinga tayyorgarlik Barselonada anchagina katta. Kecha O‘rta yer dengizi sohillarini kemada aylangan bo‘lsak, bugun uning qirg‘oqlarida dam olish imkoniga egamiz. “El-Klasiko”ni yakunlab, biroz dam olib, erta tongda Madrid bo‘ylab yo‘lga chiqamiz.
Azimut Travel muxlislar talab va istagidan kelib chiqib, Ispaniya va Angliya bo‘ylab navbatdagi futbol turnelarini tashkil qiladi. Mazkur sayohat yakuniga yetganidan ko‘p o‘tmay, keyingisi haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Izoh (0)