O‘zbekiston Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasida O‘zbekiston va Turkiya aviatsiya rasmiylari o‘rtasida ikki tomonlama maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi xabar bermoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyoti. Foto: Wikipedia

Maslahatlashuvlar yakuniga ko‘ra, ikki mamlakatning tanlangan aviakompaniyalariga Samarqand va Istanbul shaharlari orasida muntazam qatnovlarni amalga oshirish huquqi beriladigan bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 2017/2018-yilgi qishki parvozlar jadvalida yangi yo‘nalish bo‘ylab haftasiga bir marta, yozgi jadvaldan boshlab esa haftasiga ikki martadan aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

“Ayni vaqtda, Toshkent—Istanbul yo‘nalishi bo‘ylab parvozlar soni o‘zgarishsiz qoldi”, — deyiladi aviakompaniya axborotida.