Ahmadboy Tursunboyev va uning sherigi ekani aytilayotgan 6 shaxs ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida boshlangan mahkama jarayonining 9-avgust kuni bo‘lgan ikkinchi majlisiga ellikdan ortiq odamlar kiritilmadi. Bu haqda “1news.uz” xabar bermoqda.

Kadr: “Toshkent” telekanali

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi vakillariga ko‘ra,  sudda odamlar tikka turishi mumkin emas, shuning uchun Ahmadboy piramidasidan jabr chekkan o‘nlab odamlar sudlov o‘tayotgan zalda bo‘sh joy qolmaganligi sababli  sud zaliga kiritilmadi.

Shuni ochiq tan olish kerakki, ayni paytda Ahmadboy ishidan bir necha o‘n mingdan ko‘p odamlar jabrlanganki, ularning barini yurtimizdagi biron bir sud zali sig‘dira olmaydi, deyiladi xabarda.

Sud majlisida guvohlar va moliyaviy piramidadan jabr ko‘rganlarning ko‘rsatmalari tinglandi. Ahmadboy ishi bo‘yicha sud jarayonining navbatdagi majlisi 14-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmadboyga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblovlar ilgari surildi: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) “a”, “b” bandlari, 188-modda (Davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) “a”, “v” bandlari.