Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi 10-avgust kuni avstraliyalik yarim himoyachi Rostin Griffits bilan shartnoma imzolaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Shu kuni klub rahbariyati va yangi futbolchi ishtirokida matbuot anjumani ham o‘tkaziladi. Qayd etish joiz, asli Angliyada tug‘ilganiga qaramay, Avstraliya fuqarosi hisoblangan Griffits “Paxtakor”da osiyolik legioner limitini to‘ldiradi.
Futbolchi allaqachon Toshkentga yetib kelgan. “Championat.asia” saytida futbolchi “Lokomotiv” — “Mash’al” (1:1) uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatayotgani aks etgan fotosuratni e’lon qilgan.
Rostin Griffits faoliyatini O‘zbekiston Oliy Ligasida davom ettirishi mumkinligi haqidagi xabarlar avvalroq Avstraliya nashrlari tomonidan tarqatilgan, biroq unda asli angliyalik futbolchi qaysi klubga ko‘chib o‘tayotganiga aniqlik kiritilmagan edi.
29 yoshli futbolchi “Paxtakor”ga o‘tguniga qadar Avstraliyaning “Pert Glori” jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan edi. O‘zbekiston klubiga o‘tish maqsadida Griffits “Glori” bilan amaldagi shartnomasini bekor qilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekiston klublaridan biri “Blekbern” tarbiyalanuvchisi bilan shartnoma tuzish arafasida turibdi
U 3 yil davomida shu klub safida o‘ynagan, biroq Premyer-Ligada to‘p surish nasib qilmagan. Keyinroq “Gretna” (Shotlandiya), “Akkrington Stenli” (Angliya), “Adelaida Yunayted”, “Nort Kuinsland Fyuri”, “Sentral Kost Mariners” (barchasi — Avstraliya), “Guanchjou RF” (Xitoy), “Roda” (Gollandiya) kabi klublar sharafini himoya qilgan.