Onkolog-diagnost, jarroh va og‘ir kasalga qarovchi hamshira — sun’iy intellekt sekin-asta tibbiyotda inson o‘rnini egallamoqda, deb yozadi Forbes.
Sun’iy intellekt kechagina mashinalar uchun yopiq bo‘lib ko‘ringan sohalarda ham insonga yordam bermoqda. Robotlar bemorlarga qarovchi, yolg‘iz keksa kishilar uchun sherik bo‘lmoqda va tashxis aniqligi hamda jarrohlik operatsiyalari mahorati bo‘yicha malakali shifokorlar bilan raqobatlashmoqda. BCG’ning baholashicha, 2022-yildayoq tibbiyot robot texnikasi bozori 8 milliard dollarga yetadi. Unda avtomatlashtirilgan tashxis qo‘yish (1,3 milliard dollar), xavfni baholash va bemor uchun tegishli muolajani ishlab chiqish (2,8 milliard dollar) eng katta ulushni egallaydi.
Tibbiyotdagi robotlashuv ikki yo‘nalishda rivojlanmoqda. Bu birinchidan, davolash va tashxis qo‘yishning avval imkoni bo‘lmagan innovatsion texnologiyalarini joriy qilish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish davolash jarayonini tashkil etish xarajatlarini sezilarli darajada optimallashtirish imkonini beruvchi tizim va apparatlarning paydo bo‘lishiga taalluqli.
Sun’iy intellekt texnologiyalari tibbiy manipulyatsiyalar aniqligi va samaradorligini oshirish imkonini beradi. Accuray kompaniyasi 1987-yildayoq dunyoga namoyish etgan kiber-pichoq (CyberKnife) apparatining muvaffaqiyati aynan shu bilan izohlanadi. Dunyo bo‘yicha birinchi va yagona robotlashtirilgan radiojarrohlik tizimi istalgan joyda paydo bo‘lgan yangi narsani davolash uchun mo‘ljallangan va yomon sifatli hujayralarga fotonlarni submillimetrli aniqlikda yetkazishga qodir. Bugun dunyoda 250 dan ortiq kiber-pichoq ishlamoqda. Universal jarroh-robot Da Vinci dunyo bo‘ylab yuzlab klinikalarda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.
2013-yildan boshlab AQShning bir nechta klinikalarida onkolog-diagnost sifatida IBM Watson superkompyuteridan foydalanilmoqda. Sun’iy supermiya onkologik xastaliklar kechishi haqidagi katta miqdordagi tahliliy ma’lumotlarga tayanib tashxis qo‘yish aniqligi va tezligi bo‘yicha o‘rtacha shifokorni ortda qoldiradi.
Robototexnika taraqqiyotidagi ikkinchi global trend bir xil tashxis va davo muolajalarini bajarishga ixtisoslashgan tibbiy muassasalar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Mutaxassislarga ularning professional funksiyalarini bajarishga yordam beruvchi robotlar aniqlikni talab qiluvchi bir xil og‘ir ish va harakatlarni insondan tezroq va yaxshiroq bajara oladi. Xodimlarni holdan toydiruvchi va takrorlanuvchi vazifalardan ozod qilgan mashinalar nafaqat mehnat unumdorligini oshiradi, balki xodimlarning ishdan qoniqishini ham ta’minlaydi. Masalan, Yaponiyaning HOSPI tizimi shifoxona bemorlariga dori vositalarini tashish va tarqatishda tibbiy xodimlar o‘rnini egalladi. RP-VITA roboti esa shifokorga bemor bilan masofadan turib gaplashish, zarurat bo‘lganda uning harorati, qon bosimi va boshqa ma’lumotlarini olish imkonini beradi.
Yaponiya, AQSh va Yevropaning ba’zi mamlakatlarida bugungi kunda ham keksa va nogiron kishilar tibbiy parvarishini robotlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. VGo og‘ir bemorlarga qarovchi robotlar bemorlar sog‘lig‘ining tiklanishiga yordam berib, ularning tashqi dunyo bilan aloqasini saqlab turadi. Yaponiyaning NSK kompaniyasi Lightbot yetaklovchi robotlari ucho‘lchamli datchik yordamida ko‘zi ojiz insonlarga shahar bo‘ylab xavfsiz harakatlanishga ko‘mak beradi. Yaponiyaning PARO roboti (AIST ishlab chiqargan) Grenlandiya tyuleni bolasini eslatadi. U 2000-yillarning boshidan buyon shifoxonalarda zooterapiya muqobili sifatida qo‘llaniladi: u bilan muloqot qilish bemor bolalar va qariyalarni tinchlantirib, ijobiy kayfiyat bag‘ishlaydi.
Klinikani bosqichma-bosqich robotlashtirish
Robototexnika sohasida ustunlikni qo‘lga kiritish raqobatchilarni ortda qoldirish hamda tashxis, muolaja va tibbiy parvarish sifatida barqaror darajaga erishish uchun texnologiyalardan foydalanishning kutilmagan usullarini qidirishni ko‘zda tutadi.
Birinchi navbatda, biznes-jarayonning qaysi qismini robotlashtirish kompaniyani qo‘shimcha qiymat bilan ta’minlashini aniqlab olish zarur. Shakllangan biznes-modelga sun’iy intellektni joriy etish strategik qaror bo‘lib, u nafaqat jiddiy investitsiya, balki muassasani qayta tashkil etishning uzoq muddatli dasturlarini barpo etishni talab qilishini tushunish lozim. Ushbu dasturlarni ro‘yobga chiqarish uchun ancha vaqt ketadi, shu sababdan raqobatchilarni ortda qoldirish uchun uni boshlashni kechiktirmaslik zarur.
Keyingi qadam — tayyor apparat/dasturiy mahsulot va individual yechim ishlab chiqishdan birini tanlash. U katta vaqt va pul sarflashni taqozo etadi, biroq kompaniyaga o‘z sohasi bozorida uzoq muddatli yetakchilikni ta’minlashga qodir. Ana undan keyin amaliy harakatlarga o‘tish mumkin: sinov va tajriba robotlashtirilgan dasturlarini buyurtma berish va aprobatsiya qilish, infratuzilmani qayta qurish uchun investitsiya kiritish, shakllangan biznes-modelni qayta tushunib yetish ustida ish olib borish kabilar shular jumlasidandir.
Eng katta o‘zgarishlar kadrlar siyosatiga daxldor bo‘lishi shubhasiz. Bu nafaqat shtat jadvalini qayta ko‘rib chiqish, balki klinika xodimlariga qo‘yiladigan yangi talablarni ham o‘z ichiga oladi. Hozirgi vaqtda sun’iy intellekt bilan qo‘lni qo‘lga berib ishlashga tayyor kadrlar mehnat bozorida deyarli yo‘q.
Robotlashtirishga qaror qilgan kompaniyalar xodimlarni qurilmalar, dasturlashtirish, foydalanish va robototexnika uchun dasturlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalariga o‘qitishni mustaqil tashkillashtirishi zarur bo‘ladi. Qolaversa, dasturlashtirilgan mahsulotlarning deyarli barcha ilova hujjatlari ingliz tilida bo‘lganligi sababli bu jarayon xodimlarning ingliz tilini bilishini ham talab qiladi.
Sun’iy intellektga ega kooperatsiya xodimlarning asosiy professional malakasiga bo‘lgan talablarni o‘zgartiradi. Oddiy, tizimlashtirilgan va bir xil manipulyatsiyalarni robotlar o‘z zimmasiga olganligi tufayli shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarida murakkabroq va ijodiy vazifalar uchun bo‘sh vaqt paydo bo‘ladi. Bunday vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish esa chuqur bilim va yangi ko‘nikmalarni talab qiladi.
Va nihoyat, tibbiy muassasa rahbarlari o‘z ish jadvaliga yana bir vazifa: umumiy tamoyillar va sog‘liqni saqlash tizimini robotlashtirish qoidalarini ishlab chiqish uchun o‘zi kabi innovatsion kayfiyatdagi hamkasblari, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar va davlat hokimiyati vakillari bilan birgalikda ish olib borish vazifasini kiritishi lozim.
To‘rt yil avval o‘z robot ishlab chiqarishiga ega bo‘lmagan Xitoy bugun robototexnika sohasida dunyoviy yetakchi o‘rnini mustahkam egallagan.