Rossiya tergov qo‘mitasi “Krokus Siti” okeanariumi direktori Andrey Chernovning o‘ldirilishi haqida o‘z versiyasini e’lon qildi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
“Tergov tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jinoyat versiyasini ko‘rib chiqmoqda”, — deyiladi idora bayonotida.
Hujjatda, shuningdek, Chernovning o‘ldirilishi yuzasidan Rossiya JKning 105-moddasi (qotillik), shuningdek, 222-moddasi 1-bandi (noqonuniy qurol savdosi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, qotillik 4-avgust kuni Filevsk bog‘i hududida amalga oshirilgan — biznesmen shu hududda muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanar edi. Qotil unga qarata kamida olti marta o‘q uzgan. Olingan jarohatlar oqibatida Chernov voqea joyida olamdan o‘tgan.
Chernov 52 yoshda edi.