BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Maktub matni “O‘zbekiston 24” telekanali saytida keltirildi.
Unda xalqaro tashkilot rahbari O‘zbekiston yetakchisiga uning tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik izhor etdi.
Shuningdek, Guterrish 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
“Mazkur hujjat BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari va 2030-yilgacha barqaror rivojlanish dasturi bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun asos sifatida xizmat qilishi mumkin”, — deyiladi maktubda.
Shuningdek, Guterrish O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini to‘la qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.
“Markaziy Osiyoga tashrifimning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan Nukus va Mo‘ynoqqa borishimga ko‘maklashganingiz uchun alohida tashakkur bildiraman. Orol dengizi tezlik bilan qurib borayotgani meni qattiq tashvishga soldi va bu halokatdan aziyat chekayotgan aholi bilan uchrashuvdan g‘oyat ta’sirlandim”, — dedi BMT bosh kotibi.
“O‘zbekiston Respublikasi BMT bilan ishonchli hamkorlik qilayotgani uchun tashakkur bildiraman va O‘zbekiston xalqining manfaati yo‘lida hamkorligimizni davom ettirishimizni sabrsizlik bilan kutaman”, — deb fikriga yakun yasadi Guterrish.
Izoh (0)