O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Eldor Shomurodov bilan 4 yillik shartnoma imzolagan Rossiyaning “Rostov” klubi Premyer-liga 2-turida “Axmat”ni qabul qildi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Rostovliklar bosh murabbiyi Leonid Kuchuk Shomurodovni qaydnomaga kiritdi. Biroq yaqindagina jamoa ixtiyoriga yetib kelgan futbolchini maydonga tushirgani yo‘q. Ilk turda uning shogirdlari “Ural” maydonida 1:1 hisobida durang o‘ynagandi.
Vitaliy Denisov harakat qiladigan Moskvaning “Lokomotiv” klubi 2-turdan keyin liga peshqadamiga aylandi. “Temiryo‘lchilar” poytaxt derbisida “SSKA”ni mag‘lub etdi — 3:1. Ilk turda “Lokomotiv” “Arsenal” ustidan 1:0 hisobida muvaffaqiyat qozongandi. Denisovda jarohat bor. Himoyachi oldinroq qishga qadar futbolga qaytishga umid qilayotgani haqida aytib o‘tgandi.
Rossiya Premyer-ligasida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik yana ikki futbolchi — Vadim Afonin hamda Vagiz Galiulin ikki turdan buyon 90 daqiqa harakat qilib kelmoqda. Afonin bilan shartnoma tuzgan “Anji” avvaliga “SSKA”dan 1:3 hisobida yengilgandi, keyin esa “Amkar”ni taslim qildi — 1:0.
Vagiz Galiulin jamoasi “Tosno” esa debyut mavsumini muvaffaqiyatsiz boshladi va ikki bor mag‘lub bo‘ldi: “Ufa” 0:1, “Krasnodar” 0:2.
Izoh (0)