Plastikning metalldan asosiy ustunligi uning yengilligidir: plastik qismlar po‘latga qaraganda o‘rtacha 25—30 foiz yengil hisoblanadi. Avtomobil vaznining kamayishi esa uning yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi, deb yozadi Forbes.

Foto: Reuters

Po‘lat ikkinchi sanoat inqilobidan buyon sanoatning barcha sohalarida keng qo‘llaniladi. Biroq bugungi kunda undan faol foydalanish o‘rnini boshqa materiallar egallamoqda.

Metalldan voz kechish an’anasini avtomobilsozlikda plastikdan foydalanish misolida ham kuzatish mumkin. 1970-yillardan boshlab avtomobillardagi metall qismlar ulushi kamayib bormoqda: agar avvalgi avtomobilning 79 foizini po‘lat tashkil qilsa, bugungi kunda avtomobillardagi metallning ulushi 55 foiz atrofida. Plastmassa esa aksincha qat’iy o‘sishda davom etmoqda: 1970-yillarning boshidagi olti foizdan 2020-yilga kelib 18 foizga, rezina esa ikki foizdan yetti foizgacha bo‘lgan ko‘rsatkichga yetishi ma’lum qilinmoqda. Bir qaraganda plastik faqat salonni bezatishda qo‘llanilgandek ko‘rinsa-da, uni mashina kuzovida, ilgak va hatto dvigatelida ham topish mumkin.

Bugungi kunda yengil avtomobilda 150—200 kilogramm plastmassa qo‘llanilmoqda, biroq 2020-yilga kelib bu miqdor 300 kilogrammgacha oshishi mumkin. Bu esa avtomobil vaznining qisqarishi bilan birga kechadi.

Ekspertlarning fikricha, avtomobil sanoatida konstruksiya plastigiga bo‘lgan dunyoviy talab yaqin kelajakda yiliga yetti foizga oshib boradi. Ishonch bilan aytish mumkinki, kelajak avtomobilida hozirgiga qaraganda ancha ko‘p polimer qo‘llaniladi. Buning quyida keltirilgan bir qator sabablari mavjud.

Avtomobilsozlikda plastiklarni joriy etishning foydali jihatlari nimada?

Mazkur innovatsiyani joriy etish iqtisodiy maqbullik jihatidan muhim hisoblanadi. Plastikning metalldan asosiy ustun jihati uning yengilligidir: plastik qismlar po‘latga nisbatan o‘rtacha 25—30 foizga yengil. Avtomobil vaznining yengillashuvi yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi. Ishlab chiqaruvchilar avtomobil kuzovining vaznini kamaytirib, uning o‘rnini xavfsizlik bilan bog‘liq qismlar, shuningdek, elektron qurilmalar bilan qoplashga harakat qiladi.

Uglerod tola va polimer matritsali kompozitlarni qo‘llash avtomobil vaznini 25—70 foizga qisqartirish imkonini beradi. Masalan, “Formula-1” bolidlari asosan plastik va kompozit materiallardan iborat va aynan vaznni kamaytirish mashina dinamik xarakteristikasini yaxshilash va poyga avtomobillari tezligini oshirish imkonini beradi. Benzinning kam sarflanishi esa, o‘z navbatida, bunday mashinalarni yanada ekologik avtomobillarga aylantiradi.

Biroq polimerlar miqdori faqat bolidlarda oshayotgani yo‘q. Shahar avtomobillarida ham plastik qismlar ko‘payib bormoqda.

Buning bir nechta sababi mavjud. Birinchidan, yuqorida qayd etilganidek yengillik, yoqilg‘i tejamkorligi va buning natijasida ekologik jihatdan ustunlik. G‘arbda yoqilg‘i ko‘p sarflovchi mashinalarga talab kamaymoqda. Odamlar borgan sari ko‘proq atrof-muhitga kamroq zarar yetkazuvchi gibrid avtomobillar xarid qilmoqda. Lightweight revolution — turli shakldagi innovatsiyalarni qo‘llash hisobidan avtomobil vaznini maksimal kamaytirishga urinish ham atmosfera ifloslanishiga qarshi kurashishga olib kelmoqda.

Bunday trendlar Yevropada davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda, shuning uchun avtomobil kompaniyalari bundan keyin ham mazkur yo‘nalishda ishlashga tayyor.

Innovatsion plastiklar

Eng yirik avtomobilsozlik kompaniyalari ishlab chiqarishga eng yangi ishlanmalarni faol joriy etish uchun kimyoviy konsernlar bilan hamkorlik qilmoqda. Masalan, maxsus kimyo konserni Lanxess Porche, Skoda avtomobillari uchun qismlar: asosan, uzatish qutisi uchun ilgak va dvigatel qismlarini tayyorlamoqda.

Germaniyaning yirik kimyo konsernlari har yili avtomobilsozlikda qo‘llanuvchi yangi plastmassalar yaratish uchun katta summadagi investitsiyalar kiritmoqda. Hozirda avtomobil ishlab chiqarishda plastikning 100 dan ortiq ko‘rinishi qo‘llanilmoqda: ular qattiqlik va qarshilik ko‘rsatish darajasi, qolaversa vazn jihatdan bir-biridan farqlanadi.

Masalan, dvigatelning ba’zi qismlari, g‘ildirak qopqoqlari va asboblar paneli polipropilendan ishlansa, poliuretan o‘rindiqlarda, polietilen gilamchalarda, poliamid shesternyalar, predoxranitel korpuslari, benzin baklari va akkumulyatorlarda qo‘llaniladi. Taranglashtiriluvchi shift va linoleumlar hosil qilinuvchi polivinilxlorid simlar tayyorlash uchun foydalaniladi. Polikarbonat avtomobillarning aksariyat metall qismlarni o‘rnini bosishi mumkin. Bunday investitsiyalar uchun ko‘plab sabablar mavjud.

Ko‘plar plastik kompozitlarni beqaror va ishonchsiz hisoblab, ularga tanqidiy qaraydi. Bu fikr xato ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin. Yuqori chidamli armaturalangan plastik qattiqlik, qarshilik ko‘rsatish va issiqlikka chidamlilik bo‘yicha metallga qaraganda yuqoriroq koeffitsiyentlarga ega. Masalan, ba’zi poliamidlar krash-testlar mobaynida po‘lat taxtasiga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Biroq ularda minuslar ham bor: poliamiddan ishlangan tarkibiy qismlar metallga qaraganda qimmatroqdir.

Qo‘shimcha qattiqlik haqida so‘z yurita turib, plastikni armaturalash mumkinligini ta’kidlash joiz: armaturalangan tolalarni qo‘llash konstruksiya chidamliligini oshiradi va qismlarning issiqlikka chidamliligini ta’minlaydi.

Lightweight revolution’dan tashqari plastikning po‘latdan yana bir ustun jihati materiallarning ko‘pga chidashidir: ular korroziyaga uchramaydi. Ovozni yutuvchi kompozit materiallardan salonni bezatishda foydalanish shovqin izolyatsiyasini ham yaxshilaydi.

Yuqorida sanab o‘tilgan jihatlardan tashqari, plastikdan foydalanish turli konstruksiyaviy va dizaynerlik yechimlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Termoplastik polimerlarni qayta ishlash va ulardan turli shakl va ranglar hosil qilish mumkin. Shu tariqa, plastiklarni joriy qilish kelajak avtomobillarining tashqi ko‘rinishini ham kuchli o‘zgartirishi mumkin.

Plastikni avtomobilsozlikka ommaviy joriy etish yo‘lidagi to‘siqlar

Plastikni avtomobilsozlikda qo‘llashning quvontiruvchi istiqbollari bilan bir qatorda, uni har yerda ishlatishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator omillar ham mavjud. Ular asosan narxlar bilan bog‘liq: plastik qismlar metallning turli ko‘rinishlariga nisbatan qimmatroq tayyorlanadi. Bundan tashqari, yuqori sifatli plastiklar yaratish jarayoni eritib ishlanuvchi qismlar ishlab chiqarishga qaraganda murakkabroq hisoblanadi. Qolaversa, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar plastik bilan ishlashda katta tajribaga ega emas.

Barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, plastiklarning zamonaviy avtomobillardagi ulushi uzluksiz oshmoqda. Ushbu texnologiyalar potensialini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun avtomobilsozlik konsernlari bu kabi qismlarni ishlab chiqaruvchi va tegishli tajribaga ega kimyoviy konsernlar bilan yanada intensiv hamkorlik qilishi lozim.