Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Facebook’dagi sahifasida yangi tashabbus bilan chiqdi.
“Muhtaram Prezidentimiz e’tirof etganlaridek, yaqindagina tashkil etilgan ‘Xalqaro press-klub’ shaffoflik va muloqot o‘rnatish orqali davlatimiz rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shmoqda.
Ushbu klub faoliyatidan ilhomlanib, mening tashabbusim bilan Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Yoshlar Ittifoqi hamda ‘Yoshlar’ telekanali bilan hamkorlikda yangi loyiha ish boshlaydi.
Loyiha O‘zbekiston ilm-fan, sport, san’at va madaniyatiga oid eng ilg‘or g‘oyalarni ommaviy uzatish va tinglashga imkon yaratib beruvchi platforma bo‘lib xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
“Oddiy dehqondan tortib vazirgacha bo‘lgan xohlovchilar ‘Yoshlar’ telekanalida taqdimot qilishlari orqali o‘zining ibratli g‘oyalari, tajribasi va hikoyalarini omma bilan baham ko‘ra oladi. Misollar: poyabzal ishlab chiqaruvchisining biznes faoliyati; o‘qituvchi o‘zi ishlab chiqqan, rusiyzabonlarga o‘zbek tilini o‘rganishlari bo‘yicha qo‘llanmasining taqdimoti; shahar hokimining o‘z faoliyati davomida duch kelgan ibratli, barchani larzaga soladigan hikoyasi; ilmiy xodimning ixtirosi; o‘lim bilan olishib tirik qolgan bemorning tashakkuri; talabaning startup g‘oyasi; o‘t o‘chiruvchisining oilasi va hayoti; doimo kulib yuradigan bog‘bon maslahatlari; jurnalistning jasorat hikoyasi; O‘zbekistonda ekstremal sport va boshqalar”, — tushuntirdi o‘z g‘oyasini vazir o‘rinbosari.
Alisher Sa’dullayev ushbu tashabbus mashhur TED platformasining o‘zbekcha muqobili bo‘lishiga ishora qildi:
“Loyihaning xalqaro muqobili — TED (‘Ted.com’) platformasidan farqi shundaki, uning asosiy faoliyati internet emas, balki televideniye kanali orqali olib boriladi va bu bilan keng omma qamrovi ta’minlanadi”.
TED — AQShdagi notijorat jamg‘arma bo‘lib, internet orqali intellektual konferensiyalar uyushtirish va yangi tashabbus mualliflariga yordam berishga ixtisoslashgan.
Izoh (0)