Joriy yilning 22–28-iyul kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostonada Kann, Berlin, Venetsiya kabi “A” toifasidagi nufuzli festivallar qatori Prodyuserlik assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIAPF) tomonidan akkreditatsiya qilingan Markaziy Osiyodagi yirik kinoforum — “Yevrosiyo XIII” Xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Daryo”ga Kinematografiyani rivojlantirish markazi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Festival tarixida birinchi marta o‘tkazilayotgan Eurasia Film Market kinobozorida MDH, Sharq (Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya) va G‘arb (Yevropa, AQSh) mamlakatlaridan filmlar xaridorlari, distribyuterlar, sotuv ishlari bo‘yicha agentlar va filmlar huquq egalari qatnashib, ular ishtirokida o‘tkaziladigan kinoloyihalar pitchingi, davra suhbatlari, matbuot konferensiyalari, master klasslar va boshqa tadbirlarda o‘zaro tajriba almashish hamda kinoindustriyasi rivojlangan Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan samarali hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
O‘zbekistonlik yosh rejissor Muxlisa Azizovaning “Ona” (“U”) qisqa filmi festivalda ishtirok etish uchun topshirilgan uch yuzdan ortiq qisqa filmlar orasidan saralab olindi va festivalda ishtirok etish uchun qabul qilindi.
Bundan tashqari, xalqaro kinofestival doirasida 24-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Eurasia Spotlight 2017 pitchingida Muxlisa o‘zining “Skorpion” (“Chayon”) nomli film loyihasi bilan qatnashadi.
Izoh (0)