Ukraina osmonida halokatga uchragan Boeing MH17 reysi qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi Niderlandiyada ochildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Fojianing uch yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan ochilish marosimida mamlakat qiroli Villem-Aleksander rafiqasi Maksima, bosh vazir Mark Ryutte, hukumat a’zolari hamda halok bo‘lganlarning 2 mingga yaqin qarindoshlari ishtirok etdi.
Majmua Veyfxeyzen shahri yaqinida, poytaxtning Sxipxol aeroportidan uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan. U 298 daraxt ekilgan bog‘dan iboratdir — fojianing har bir qurboni xotirasiga bittadan daraxat ekilgan. Har bir daraxt yonidagi taxtachaga bir qurbonning ism-sharifi yozilgan.
“MN17 fojiasi” jamg‘armasi ma’lumotlariga qaraganda, majmuaga 2 million yevro ishlatildi. Niderlandiyaning eng yirik kompaniyalari bu ishga pul ajratdi, daraxtlar esa Shimoliy Brabant provinsiyasidan keltirildi, Amsterdam munitsipaliteti, o‘z navbatida, hosildor yer taqdim etdi. Munitsipalitet xodimasi ham aviahalokat qurboni hisoblanadi.
2014-yil 17-iyulida Malaysia Airlines aviakompaniyasining Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotgan paytda Donesk viloyati osmonida urib tushirilgan edi. Buning oqibatida 283 yo‘lovchi va 15 nafar ekipaj a’zosi, jami o‘n mamlakat fuqarosi halok bo‘ldi.
Izoh (0)