IShID terrorchi guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy tirik va u Suriya hududida yashirinmoqda. Bu haqda Iroq IIV razvedka va kontrterror operatsiyalari xizmati direktori Abu Ali al-Basriy bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
11-iyul kuni Iroq matbuotida jangarilarning o‘zi al-Bag‘dodiyning o‘limini tasdiqlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga qadar biror rasmiy manba IShID yetakchisining o‘limini tasdiqlamagan edi.
Shunga qaramay, Iroq razvedkasidagi ma’lumotlariga qaraganda, al-Bag‘dodiy tirik bo‘lib, Suriya hududida bekinib yuribdi, o‘zining o‘limi haqidagi ma’lumotlarni esa xavfsizlik maqsadida tarqatgan.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.