Qora muzqaymoq oxirgi paytlarda moda trendiga aylandi. Biz hammamiz oq yoki har xil rangdagi muzdek shirinlikka o‘rganib qolganmiz.

Foto: “Lady.tochka.net”

Qora muzqaymoq g‘oyasi dastlab Yaponiyada tug‘ilgan, keyin esa tezlik bilan Amerika va boshqa mamlakatlarga tarqaldi.

Albatta, qora muzqaymoqni hamma tatib ko‘rishni xohlaydi, chunki ko‘pchilik uning o‘ziga xos rangidan tashqari ajoyib mazasi to‘g‘risida ham gapirmoqda.

Qora muzqaymoqni sotib olishga urinib ko‘rish mumkin, lekin uni o‘z qo‘llarimiz bilan tayyorlasak qiziqarliroq bo‘ladi. Buning ustiga kerakli masalliqlarni topish qiyin emas.

Zarur masalliqlar:

  • 250 ml yog‘li sut,
  • 250 ml yog‘li qaymoq,
  • 4 dona tuxum sarig‘i,
  • 4 osh qoshiq qora kunjut pastasi,
  • 0,5 piyola shakar,
  • 10 g vanilli shakar.

Tayyorlanish usuli:

Devori qalin idishda sutni qaymoqning yarmi bilan aralashtiring. Sutli aralashmani o‘rta olovga qo‘ying va qaynash holatigacha keltiring.

Keyin olovni pasaytiring va 1 daqiqa qaynating.

Tuxum sariqlarini shakar va vanilli shakar bilan birga blenderda yaxshilab aralashtiring.

Sutli aralashmani asta-sekinlik bilan tuxum ustiga quying va aralashtiring. Aralashmani devori qalin idishga soling va past olovga qo‘ying.

Aralashmani doimiy qo‘zg‘ab turgan holda 2-3 daqiqa krem holiga kelguncha ushlab turing.

Aralashma ichiga qora kunjutli pastani qo‘shing va yaxshilab aralashtiring.

Tayyor bo‘lgan qorishmani doimiy aralashtirish yo‘li bilan soviting.

Qolgan qaymoqni blender yordamida ko‘pirtiring. Uni sovigan massaga qo‘shing va yana yaxshilab ko‘pirtiring.

Keyin qorishmani konteynerga joylashtiring va to‘liq qotib qolguncha muzxonaga qo‘ying.

Endi qora muzqaymoqni dasturxonga tortishingiz mumkin.

Yoqimli ishtaha!