Toshkent viloyatining Bekobod tumanida hududidan o‘tuvchi “Qorasuv—Bo‘ka—Bekobod” yo‘lining 76-kilometrida sodir bo‘lgan avtohalokatda bir oilaning uch a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu tumanda istiqomat qilgan 1986-yilda tug‘ilgan J.O‘. ishonch qog‘ozi bilan boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasini haydab ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan J.S. boshqaruvidagi HOWO rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada J.O‘. va uning yo‘lovchisi — birga yashagan turmush o‘rtog‘i, 1990-yilda tug‘ilgan D.O‘. hamda qizi, 2015-yilda tug‘ilgan D.G‘. qattiq jarohat olib, voqea joyida vafot etgan.

To‘qnashuv sodir bo‘lgan yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Pskent tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan M.O. ishonch qog‘ozi bilan boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinasi ushbu avtohalokatda boshqaruvini yo‘qotib? yo‘l chetiga chiqib ketib ag‘darilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.