Turinning “Yuventus” klubini braziliyalik himoyachi Dani Alves erkin agent sifatida tark etdi va Fransiyaning “PSJ” klubi bilan ikki yillik kelishuvga erishdi.
“PSJ” matbuot xizmatining xabar berishicha, Alves Parij klubida 32-raqam ostida to‘p suradi. U o‘tgan mavsum “Yuventus”ning Chempionlar ligasi finaliga qadar yetib borishida va mamlakat chempionligini qo‘lga kiritishida katta hissa qo‘shgandi.
Bunga qadar Alvesning “Barselona”dagi ustozi Pep Gvardiola shogirdini “Manchester Siti”da ko‘rishni istayotgandi. Parijliklar esa futbolchiga “Siti” taklif qilayotgan puldan ikki barobar ko‘prog‘ini berishga rozi bo‘ldi. Endi himoyachi yiliga 12,5 million yevro maosh oladi.
O‘z navbatida “Yuventus” Myunxenning “Bavariya” klubidan Duglas Kostani 1 yilga ijaraga oldi. Buning uchun turinliklar 6 million yevro sarf etdi.
Kelishuvga ko‘ra, agar Kosta yangi jamoasida o‘z o‘rnini topa olsa, kelasi mavsum “Yuventus” uni 40 million yevroga “Bavariya”dan sotib olishi mumkin.
Duglas Kosta o‘tgan mavsum “Bavariya” safida 23 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, 4 ta gol urgan va 6 ta golli uzatmani amalga oshirgandi.
Izoh (0)