Kipr davlatining birlashishi bo‘yicha Shveysariyaning Kran-Montana shahrida o‘tgan muzokaralarning navbatdagi raundi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonot berdi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
Muzokaralar chog‘ida muammolarga sabab bo‘lgan asosiy masalalar kafil hokimiyatlar tizimi hamda Turkiya harbiylarining oroldan olib chiqib ketilishi bo‘ldi. Anqara 35 ming kishilik kontingentining katta qismini xalqaro hamjamiyat tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi hududidan olib chiqib ketishga hozirligini bildirdi. Ammo u shart sifatida kontingentning qolgan qismi orolda kamida 15 yil turishini, Turkiya esa kafil hokimiyat maqomini saqlab qolishini talab qildi.
Kipr va Gretsiya rasmiylari esa turk harbiylarining oroldan butunlay olib chiqib ketilishini talab qilmoqda hamda Yevroittifoq davlatlari kafil hokimiyatlarga muhtoj emasligini uqtirmoqda.
Yanvar va aprel oylarida o‘tgan muzokaralar ham samarasiz yakunlangan edi.