AQSh rasmiylari mamlakatga uchib kelayotgan Qatar Airways samolyotlarining salonlarida noutbuklar va boshqa elektron uskunalar bo‘lishiga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi. Bu haqda, AP’ga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Aviakompaniya bunga javoban Vashingtonning talablariga mos kelish uchun salonlardagi xavfsizlik choralarini kuchaytiradigan bo‘ldi.
“Xavfsizlik har doim biz uchun ustuvor bo‘lib kelgan”, — dedi Qatar Airways rahbari Akbar al-Bakir ushbu yangilik munosabati bilan.
Qanday qo‘shimcha xavfsizlik choralar ko‘rilishi hozircha aniqlashtirilmayapti.
Ilgari AQSh Turkiya va BAAga nisbatan bunday cheklovlarni olib tashlagan edi.
Mart oyida AQSh sakkiz mamlakatning (Misr, Marokash, Iordaniya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar va Turkiya) o‘nta xalqaro aeroportlaridan keladigan reyslarga noutbuklar va boshqa elektron buyumlarni olib o‘tishni taqiqlagan edi.