O‘zbekistonlik futbolchi Aziz Ibragimov faoliyatini Latviyaning “Spartak” klubida davom ettiradi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
30 yoshli futbolchi qishda Eronning “Mashinasozi” klubi safiga borib qo‘shilgandi. Endi esa Yurmala klubi uni o‘z safiga qo‘shdi. Shartnomaning qanchaga mo‘ljallangani borasida ma’lumot berilmagan.
Aziz Ibragimovning O‘zbekistondagi so‘nggi klubi “Buxoro” bo‘lib, u 43 ta o‘yinda 16 ta gol urishga erishgan va buxoroliklarning mavsumni 4-o‘rinda yakunlashiga ko‘maklashgandi. Bunga qadar Ibragimov “Andijon”, “Dinamo” kabi klublarda ham o‘ynagan. Karyerasining dastlabki yillarini “Traktor”da boshlagan, shuningdek, “Sho‘rtan”, “Mash’al” kabi klublarda ham to‘p surgan.
2006-yil futbolchi Slovakiyaning “Slovan” klubiga o‘tdi, 2008-yil Chexiyaning “Bogemians” jamoasi sharafi u bilan shartnoma tuzdi. Keyinroq yarim himoyachi Xitoyning “Sindao Chjunen”, Chexiyaning “Banik” va “Dinamo” klublarida ham o‘ynadi.
Aziz Ibragimov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.