O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2016-yilda 87 foiz fuqarolik ishlarini (446 tadan 390 tasini) quyi sudlarga qaytadan ko‘rib chiqish uchun yuborgan. Oliy sud tomonidan 13 foiz ishgagina yakuniy qaror qabul qilingan, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan sudlarning O‘zbekiston xalqiga murojaati yig‘ilishida sud tizimidagi byurokratiya va bosh-boshdoqchilikni ko‘rib chiqish asosiy masalalardan biri bo‘ldi.
Joriy yilning iyunida Oliy sud 24 ta fuqarolik ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilgan. Jinoyiy ishlari bo‘yicha berilgan norozilik ishlarini qayta ko‘rib chiqish orqali 4 nafar shaxsda jinoyat alomatlari topilmaganligi sabab oqlangan, 2 nafar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 17 nafar shaxsning jazo muddati qisqartirilgan.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, fuqarolar tomonidan xalq qabulxonalari va Prezidentning virtual qabulxonasiga yuborilgan shikoyatlarning aksariyati sud va sudyalar faoliyatiga tegishli. Har kuni Oliy sudga 250 dan ortiq murojaat kelib tushadi.
Viloyat va tuman sudlarining o‘z ishiga bo‘lgan mas’uliyatsizligi, hatto kelib tushgan shikoyatning mazmuni bilan ham to‘liq tanishmasliklari tanqid qilindi. Viloyat sudlarining vakillari haftasiga uch kuni tumanlarda bo‘lib, sud ishining joylarda qanday ketayotganini o‘rganishi kerak ekanligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mavjud muammolarni bartaraf etish uchun eng avvalo Oliy sudning yangi tarkibi namoyish qilinishi lozim ekanligi, qonun doirasida qabul qilingan qarorlar hech qachon bekor qilinmasligi qo‘shimcha qilindi.