Oq uy AQSh mudofaa vazirligiga Afg‘onistonga tegishli kelishuvlarsiz 3,9 mingdan ortiq bo‘lmagan harbiy kontingent jo‘natishga ruxsat berdi. Bu haqda The Wall Street Journal ma’lum qildi, deya xabart beradi “TASS”.
Nashr manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp shu yil iyun oyida Pentagon rahbari Jeyms Mettisga Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondagi qo‘shinlari sonini mustaqil belgilash vakolatini berganidan so‘ng vazirga qo‘shimcha yo‘riqnomalar yuborildi. Ularda Mettis respublikaga qo‘shimcha 3,9 mingdan oshiq bo‘lmagan kishini yuborishi mumkinligi bildirilgan.
Pentagon rahbari Afg‘onistonda yanada ko‘proq harbiylar zarur deb hisoblasa, buni Oq uy bilan kelishishi talab etiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda Afg‘onistonda xalqaro koalitsiyaning 13 ming atrofida harbiy xizmatchisi bo‘lib, ulardan taxminan 8,4 mingi amerikaliklardir.