Boliviyaning Potosi departamentida olomon ustiga yuk mashinasining bostirib kelishi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana besh kishi jarohat oldi, deb xabar berdi “TASS”.
Respublika politsiyasining rahbari Abel de la Barraning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, voqeadan g‘azabga mingan odamlar transport haydovchisini urib o‘ldirib qo‘ygan.
“Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, chorshanba kuni kechqurun Pampa-Koloradada bayram bo‘lgan, ushbu bayram ba’zi aholi punktlarida ko‘chada nishonlanadi, shu sababli odamlar bayramni ko‘chaning o‘rtasida nishonlayotgan bo‘lgan”, — dedi politsiya rahbari. De la Barraning ta’kidlashicha, ushbu vaziyatda yo‘lda yuk mashinasi paydo bo‘lgan va haydovchi tormozni bosishga ulgurmagani sabab odamlarni bosib ketgan.
Haydovchi voqea joyidan yashirinishga uringan, biroq odamlar unga yetib olgan. Politsiya voqea yuzasidan tergov olib bormoqda.