Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putinning Gamburgdagi uchrashuvi arafasida AQSh maxsus xizmatlari mamlakatda nolegal josuslik faoliyatida gumon qilinayotgan 150 nafar Rossiya fuqarosini aniqladi. Bu haqda AQSh razvedkasi sobiq va amaldagi mansabdorlariga tayanib, CNN ma’lum qildi, deya xabar beradi “Vedomosti”.
“AQShdagi rus josuslari soni 2016-yil noyabridan, prezidentlik saylovlarida Donald Tramp g‘olib chiqqanidan beri ko‘payib bormoqda. Ularning Amerikaga nisbatan tajovuzkorona munosabatini saylovoldi kurashidagi muvaffaqiyat ham o‘zgartirolmadi”, — dedi telekanal suhbatdoshlaridan biri.
Ekspretlarga ko‘ra, Moskva Vashington josus sifatida baholagan 35 nafar Rossiya diplomati 2016-yil dekabrida AQShdan chiqarib yuborilganidan keyin razvedkachilar safini to‘ldirishga harakat qilmoqda. Ularning AQShdagi vakillari boshqa davlat zobitlariga qaraganda anchagina ko‘p.