Xalqaro futbol uyushmasi FIFA terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi.
Konfederatsiyalar kubogida o‘zining ikkinchi tarkibi bilan zafar quchishga muvaffaq bo‘lgan Germaniya terma jamoasi dunyo yetakchisiga aylanib oldi. Endilikda Ioaxim Lyov shogirdlari Braziliya va Argentina termalaridan ham o‘zib ketgan.
Umuman olganda Janubiy Amerika mamlakatlari uchun yangi reytingida pasayish kuzatildi. Rossiyadagi musobaqada finalga qadar yetib borgan Chili termasida ham sho‘ng‘ish bor.
Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib JCh chiptasini qo‘lga kiritgan Eron terma jamoasi 23-o‘ringa ko‘tarildi. Karlush Keyrush boshqaruvida forslar Osiyoning eng yaxshi vakili bo‘lib turibdi. Qayd etish kerak, rasmiy musobaqalarda Eron terma jamoasi Osiyo miqyosida so‘nggi bor 2012-yil O‘zbekistondan mag‘lubiyat qabul qilib olgandi. Shundan so‘ng qit’a termalari orasida Eronni mag‘lub etadigani topilmadi.
O‘zbekiston terma jamoasi reytingda 3 ta o‘rin pasaydi. Shunga qaramay, terma jamoa Osiyoning oltinchi jamoasi maqomini saqlab qoldi. Rossiya terma jamoasi esa va nihoyat O‘zbekistondan oldinga o‘tib oldi.