Tojikistonda respublika maxsus otryadlarining sobiq qo‘mondoni, 2015-yili IShID tarkibiga qo‘shilib ketgan Gulmurod Halimovning ikki ukasi va ikki jiyani o‘ldirildi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Halimovning qarindoshlari 5-iyulga o‘tar kechasi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan Afg‘oniston hududiga o‘tishga harakat qilgan paytda o‘ldirildi.
IIV vakillarining ta’kidlashicha, Halimovning qarindoshlari qurolli qarshilik ko‘rsatdi. Operatsiya chog‘ida ulardan biri ichki ishlar organlari xodimi Anvar Huseynovni pichoq bilan yaraladi.
Halimovning Afg‘onistonga o‘tishga harakat qilgan yana uch qarindoshi militsiya xodimlari tomonidan ushlandi.
Aprel oyining o‘rtalarida Gulmurod Halimovning o‘g‘li, 18 yoshli Behruz hibsga olingan edi. U yollanma jang qilishda ayblanayotgan edi. Sud yaqin orada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)