O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sunni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Seul meri Prezidentga Koreya Respublikasi rahbari Mun Chje Inning ushbu mamlakatga joriy yilning oxirigacha davlat tashrifi bilan borish taklifini shaxsan topshirish uchun Toshkentga kelgan.

O‘zbekiston rahbari taklifni mamnuniyat bilan qabul qilar ekan, bugun ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turganini alohida ta’kidladi.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga doir ustuvor dasturlarni amalga oshirishda an’anaviy yetakchi investitsion va texnologik sherik hisoblanadi. Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklarining 7 milliard dollardan ortiq investitsiyalari jalb etilgan holda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda.

Foto: O‘zA

Uchrashuvda bugun qabul qilingan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq birodarlashgan shaharlar —Toshkent va Seul o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi.

Zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

Poytaxtlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini tayyorlash va amalga oshirish maqsadida muntazam tashriflar almashish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.