O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Xitoy hamda Janubiy Koreyaga qarshi JCh—2018 saralash o‘yinlari oldidan dastur ishlab chiqqan bo‘lib, unga ko‘ra jamoa iyul oyida xorijda yig‘in o‘tkazishi kerak edi.
“Championat.asia” nashrining ma’lumot berishicha, yig‘in Avstriyada tashkil qilinadi va unda asosan O‘zbekiston Oliy ligasida to‘p surayotgan futbolchilar ishtirok etadi. Avstriyadagi o‘quv-mashg‘ulotlar 17—23-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘FF matbuot xizmati bu xabarni rasman tasdiqlaganicha yo‘q. Milliy terma jamoa bunga qadar ham Avstriyada yig‘in o‘tkazgan bo‘lib, asosan mahalliy futbolchilar unda ishtirok etgan, Suriya, Qatar, Eronga qarshi rasmiy uchrashuvlarda esa jamoa asosini deyarli boshqa futbolchilar tashkil qilgandi.
Ma’lumot uchun, Xitoyga qarshi safar o‘yini 31-avgust kuni bo‘lib o‘tsa, Janubiy Koreya termasi Toshkentda 5-sentabr kuni mehmon bo‘ladi.
Izoh (0)