“O‘rikzor” bozorining avtoturargohida bir ayol yopiq mashina ichida ikki farzandini bir necha soatga qoldirib ketdi. Avtoturargoh xodimi bolalarni ko‘rib qolib, militsiya xodimlari va tez yordam xizmatini voqea joyiga chaqirdi, deb xabar qiladi “Novosti Uzbekistana”.
Ushbu voqea guvohlaridan biri tomonidan Facebook orqali ommaga tarqatildi. Ko‘plar ayolning xatti-harakatlariga norozilik bildirdi. Guvohning so‘zlariga qaraganda, mashinada qoldirib ketilgan qiz bolalar 3 va 5 yoshda bo‘lgan. Ular mashina salonida uxlab yotgan. Avtoturargoh xodimi mashina oynalarini taqillatib ko‘rganida, bolalar hech qanday javob bermagan. Shunda u militsiya va shifokorlarni chaqirgan.
Voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot organlari xodimlari eshikni ochib, bolalarni tashqariga olib chiqdi. Ularga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qizlarni qutqarib operatsiyasidan so‘ng yarim soat o‘tgach, bolalarning onasi bozordan qaytib keldi.
Ushbu voqea muhokamasida mingdan ortiq izoh qoldirildi. Ularda aytilishicha, shu kabi holatlar oxirgi yillarda boshqa shaharlarda ham bir necha bor kuzatilgan ekan. Ta’kidlanishicha, ota-onalar bolalarni mashina ichida tashlab, bozorga yoki boshqa ishlar bilan ketadi, va avtomobilda yosh bolalar o‘tirganini unutib qo‘yadi. Ammo issiq ob-havo sharoitida yopiq mashina ichida qolish bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Ta’kidlanishicha, havo harorati 40 darajaga yetganida bolalar organizmi ishdan chiqa boshlaydi.