Samarqand viloyati hokimiyati va ishbilarmon davralari vakillari Gollandiyada bo‘lib, agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi safari doirasida Gollandiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va uskunalari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Vitro Plus zavodiga tashrif chog‘ida O‘zbekiston vakillariga kompaniya faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv doirasida ko‘chat ekishga mo‘ljallangan maxsus kabina — ViCabin taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra Gollandiya tomonidan o‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlikda mamlakatda chernika nishlari yetishtirish loyihasining tayyorlanishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ammerlaan Construction kompaniyasi ofisiga tashrif chog‘ida esa Samarqand viloyatida zamonaviy issiqxona majmuasi qurilishi muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra mazkur loyihaning realizatsiyasi bo‘yicha bayonnoma imzolandi.